O‘zbekistonda 2023 yilda Mo‘g‘uliston elchixonasi ochilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda 8 mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va Mo‘g‘uliston tashqi ishlar vaziri Batmunx Batsetseg ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda ma’lum qilindi. Hozirda mamlakatda Mo‘g‘ulistonning faxriy konsulligi mavjud.

«Mo‘g‘ulistonning O‘zbekistonda elchixonasini ochish qarorini olqishlaymiz. So‘nggi yillarda ikki tomonlama aloqalar istisnosiz barcha sohalarda ijobiy sur’at ko‘rsatmoqda», — deb yozgan Baxtiyor Saidov o‘zining Telegram kanalida.

Yil boshida Batmunx Batsetseg Mo‘g‘uliston O‘zbekistonni Markaziy Osiyo mintaqasida iqtisodiy va savdo ishtirokini kengaytirish uchun muhim davlat sifatida ko‘rishini ma’lum qilgan edi.

Vazirlik xabariga ko‘ra, uchraushvda o‘zaro hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini kengaytirish, TIVlararo maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasini o‘tkazish, savdo aylanmasini diversifikatsiya qilish va qo‘shma hamkorlik loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha takliflar muhokama qilingan.

Qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston ishchi guruhi va Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish masalalarini o‘rganish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

7 mart kuni boshlangan va 10 martga qadar davom etadigan tashrif doirasida Batmunx Batsetseg va Mo‘g‘ulistonning boshqa rasmiy vakillari O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi, sarmoya, sanoat va savdo, transport vazirliklari hamda Vazirlar Mahkamasida ham uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

Bu 1992 yilda ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan beri Mo‘g‘uliston tashqi ishlar vazirining O‘zbekistonga ilk tashrifidir, deb xabar beradi Mo‘g‘uliston TIV saytida. Mo‘g‘uliston prezidenti esa Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun kuzda O‘zbekistonga tashrif buyurgandi.

O‘tgan yili Mo‘g‘uliston O‘zbekiston fuqarolari uchun 30 kunlik muddatga vizasiz rejim joriy qilgandi.