Toshkent shahrida huquqiy eksperiment tariqasida virtual kassa bilan qamrab olingan savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida naqd pul yechish xizmatini ko‘rsatish amaliyoti joriy etilmoqda. Bu haqda prezidentning 9 martdagi qarorida aytilgan, deb xabar berdi davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Tajriba 2023 yil 1 maygacha davom etadi va dastlabki bosqichda u Korzinka supermarketlar tarmog‘ida (respublikadagi 100 dan ortiq supermarketlar) amalga oshiriladi. Naqd pul olish uchun vositachilik haqi 0,5 — 0,8% miqdorida belgilanishi rejalashtirilgan. Taqqoslash uchun, bankomatlarda naqd pul yechib olish uchun komissiya 1% ni tashkil qiladi.

Korzinka PR-menejerining «Gazeta.uz»ga qo‘shimcha qilishicha, ayni vaqtda bu jarayonni yo‘lga qo‘yish uchun tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Jarayonni sinov rejimida ishga tushirish kuni haqida alohida xabar beriladi.

Keshaut — karta egalariga do‘kon kassasida pul yechib olish imkonini beruvchi xizmat.

Virtual kassa bu — fiskal modulni ulash, fiskal hujjatlarni yaratish va ularni real vaqt rejimida fiskal ma’lumotlar operatoriga o‘tkazishni ta’minlash imkoniyatiga ega bo‘lgan, cheklarni qog‘ozda chop etish yoki ularni elektron shaklda jo‘natish funksiyasiga ega bo‘lgan dasturiy mahsulot va ularning komplekslari.