9 martga o‘tar kechasi Rossiya yana Ukraina shaharlariga yirik raketa hujumini uyushtirdi. Prezident Vladimir Zelenskiy 81 ta raketa uchirilganini, Dnepropetrovsk, Jitomir, Kirovograd, Xarkov, Sumi, Vinnitsa, Lvov, Ivano-Frankivsk, Odessa, Zaporoje viloyatlari va Kiyevga hujum qilinganini aytdi.

Lvov viloyatida raketa xususiy sektordagi turar-joy binolariga kelib tushdi, shundan so‘ng yong‘in boshlandi. Besh kishi halok bo‘ldi, deya ma’lum qildi viloyat rahbari Maksim Kozitskiy.

Dnepropetrovsk viloyatida, hudud rahbari Sergey Lisakning so‘zlariga ko‘ra, artilleriya o‘qlari natijasida bir kishi halok bo‘lgan, yana ikki kishi yaralangan.

Shuningdek, Kiyev va Xarkov viloyatida o‘qqa tutilgan, infratuzilma obyektlariga zarar yetgan — Odessa va Dnepropetrovsk viloyatlari hamda Krivoy Rogda ham qurbonlar bor.

Vladimir Zelenskiyning ta’kidlashicha, dushman yana ukrainaliklarni qo‘rqitish uchun tinch aholini qo‘rqitish bo‘yicha «o‘zining ayanchli taktikasiga» qaytgan. «Ular qila oladigan narsa shu. Ammo bu ularga yordam bermaydi. Ular qilgan barcha ishlari uchun javobgarlikka tortilmasdan qolmaydi», — dedi u.

9 mart kuni tushdan keyin Rossiya Mudofaa vazirligi «2 mart kuni Bryansk viloyatida Kiyev rejimi tomonidan uyushtirilgan terrorchilik harakatlariga javoban RF Qurolli kuchlari katta javob zarbasi berdi», — deb ma’lum qildi. «Ukraina harbiy infratuzilmasining asosiy elementlari, harbiy-sanoat kompleksi korxonalari, shuningdek, ularni ta’minlovchi energetika obyektlariga zarba berildi», — deyiladi vazirlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya «FSB» 2 mart kuni Ukrainaning qo‘poruvchilik-razvedka guruhi Bryansk viloyati hududiga bostirib kirgani haqida xabar qildi. Biroq tarmoqda Rossiya ko‘ngillilar korpusi videosi paydo bo‘ldi, unda korpus vakillari o‘z vatanlarini ozod qilish uchun kelganliklarini e’lon qilishayotgani etgan edi. Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak vaziyatni izohlar ekan, uning mamlakati Rossiya hududiga hujum qilmasligi va u yerga diversantlar yubormasligini aytdi.