Toshkentda rossiyalik jurnalist Aleksandr Nechayev o‘lik holda topilgani haqida xabar berilgandi. Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.

Tekshirish ishlari Mirzo Ulug‘bek tumani prokuraturasi tomonidan olib boriladi. O‘lim sababini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.

Natijalari haqida qo‘shimcha xabar berilishi ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning «Byulleten kinoprokatchika» jurnali bosh muharriri Aleksandr Nechayevning jasadi u vaqtincha yashayotgan Toshkentdagi kvartirasidan topilgani aytilgandi. 37 yoshli jurnalist o‘limiga nima sabab bo‘lgani hozircha ma’lum emas.

Marhumning yaqinlariga ko‘ra, o‘lim sabablari hozircha noma’lum. Nechayevning hamkasbi va do‘sti Denis Korsakov jurnalist bir necha oyga ketgan Toshkentdagi kvartirasida o‘lik holda topilganini ma’lum qildi. U Nechayev bilan oxirgi marta 4 mart kuni gaplashgan. Aytishicha, marhum jurnalist aprel oyida Moskvaga qaytishi rejalashtirilgan edi.

Ma’lumot uchun, Nechayev 1986 yil 12 mayda Saratov viloyati Marks shahrida tug‘ilgan.