«Gazprom» Markaziy Osiyo orqali Xitoyga gaz yetkazib berish hajmini yiliga 20 milliard kub metrgacha oshirishi mumkin, deb xabar berdi Spot «TASS»ga tayanib.

«Shu yil oxirigacha „Gazprom“ O‘zbekiston va Qozog‘istonga 10 milliard kub metrgacha gaz yetkazib berish bo‘yicha kelishib olishini kutilmoqda, shundan 4−6 milliard kub metri Xitoy uchun tranzit gaz bo‘ladi. Bizning fikrimizcha, „Markaziy Osiyo — Markaz“ gaz quvuri infratuzilmasini u orqali yiliga 20−25 milliard kub metr gaz yetkazib berish uchun yangilash yana bir yilga cho‘zilishi mumkin», — deyiladi ekspertlar hisobotida.

Bundan tashqari, «Gazprom» O‘zbekiston orqali Xitoyga 10 milliard kub metrgacha gaz eksport qilishi mumkin. Bu yo‘nalishning afzalligi shundaki, O‘zbekiston gaz transporti tizimi Markaziy Osiyo — Xitoy gaz quvuriga ulangan. Bundan tashqari, gaz yetkazib berish bo‘yicha eksport shartnomalari tuzilib, infratuzilma barpo etilgan.

Rossiya davlat korporatsiyasining gaz eksporti bo‘yicha rejalarini amalga oshirishdagi asosiy to‘siq 1960 yillarda qurilgan «Markaziy Osiyo — Markaz» gaz quvurining hozirgi holati bo‘lib, bu infratuzilmani modernizatsiya qilish uchun qo‘shimcha sarmoyalarni talab qilishi mumkin.

Bundan tashqari, tahlilchilarning qayd etishicha, Qozog‘iston o‘zining gaz uzatish quvvatiga qo‘shilish evaziga Rossiyadan import qilinadigan gaz uchun juda past narxlarni talab qilishi mumkin.

Avvalroq, Gazli magistral gaz quvurlari boshqarmasi Rossiyadan «import qilinadigan tabiiy gaz hajmi ichki transportirovka hajmlariga aralashmasligi uchun» o‘z infratuzilmasini tayyorlayotgani xabar qilingandi.