Ijtimoiy tarmoqlarda «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Samarqand hududiy filiali yuridik bo‘limi boshlig‘i I.S.ning so‘zlari deya videolavha joylashtirilgach, bu keskin tanqid va e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng I.S. egallab turgan lavozimidan ozod etilgandi.

Kun.uz ning Samarqand viloyati prokuraturasiga tayanib xabar berishicha, yurist I.S.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi (Juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish) hamda 228- (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. U ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

Eslatib o‘tamiz, tarmoqlarda tarqalgan videoda yuristning o‘zi bilan bir tashkilotda ishlovchi ayol G. S.ni to‘shakka taklif qilgani, bunga rozi bo‘lmasa, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 207- (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) va 209- (Mansab soxtakorligi) moddalari bilan ish ochishini aytib qo‘rqitgani aks etgan.

Ayolning o‘zi Facebook sahifasida post qoldirib, unda jamoatchilikdan vaziyat bo‘yicha yordam berishini so‘ragan. Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov rahbarligida «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati Samarqand hududiy filialida muhokama bo‘lib o‘tgan.

Unda yurist egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. Shuningdek, hududiy filial direktori o‘rinbosari G. S.ning huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga yo‘llagan shikoyatigi huquqiy baho berilishi bildirilgandi.