Qoraqalpog‘iston prokuraturasi ijtimoiy tarmoqlarda Taxiatosh tumani «Taxiatosh» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi jami 31 mln so‘mni talon-toroj qilgani, lekin huquqni himoya qilish organlari bunga loqayd qarayotgani haqidagi xabarga munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, tumanning Taxtako‘pir ko‘chasida yashovchi fuqaro U. Ye.ning mahallada yuz berayotgan qonunbuzilishlar yuzasidan tegishli huquqni muhofaza qilish hamda nazorat organlariga yo‘llagan murojaatiga asosan tekshirish ishlari olib borilgan.

Tekshirish davomida mahalla fuqarolar yig‘inida Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 30 martdagi qaroriga zid ravishda 3 ta holatda 2,6 mln so‘mlik bir martalik yordam puli ortiqcha to‘langani hamda 2022 yil may oyidan 2023 yil 31 yanvar kuniga qadar 37 ta holatda jami 31 mln 169 ming so‘mlik bir martalik moddiy yordam pullari asossiz to‘langani aniqlangan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Taxiatosh tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish ishlari olib borilmoqda.

Natijasiga ko‘ra qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi, deyiladi prokuratura xabarida.