Turkmanistonda 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar bayrami kuni yaqinlashib kelayotgani munosabati bilan prezident Serdar Berdimuhamedov nomidan ayol-qizlarga pul shaklidagi sovg‘alarni topshirishni boshlandi, deb xabar bermoqda «Turkmenistan: Zolotoy vek» nashri.

Qayd etilishicha, mamlakat bo‘ylab bayramga bag‘ishlangan turli tadbirlar o‘tkazilmoqda.

«Mamlakatimizda shakllangan ezgu an’anaga ko‘ra, 60 manatlik pul mukofotlarini topshirish marosimi tantanali ruhda o‘tmoqda. Bog‘cha tarbiyalanuvchilariga birinchilardan bo‘lib prezident sovg‘asini topshirish boshlandi», — deyiladi xabarda.

Turkmaniston prezidentining topshirig‘iga muvofiq, 1 martdan 6 martgacha bo‘lgan davrda mulkchilik shaklidan qat’i nazar korxona, muassasa va tashkilotlarda ishlovchi, pensiya hamda davlat nafaqalari oluvchi, aspirantura, doktorantura va klinik ordinaturada ishdan tashqari tahsil olayotgan ayol-qizlarga pul ko‘rinishidagi sovg‘alar beriladi.

Ma’lumot uchun, mamlakat iqtisodiyot va moliya masalalari bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosari Xo‘jamirat Geldimiradov ayol va qizlarga 60 manat (davlat kursi bo‘yicha 17 dollar, «qora bozor»da esa 3 dollar) mukofot puli berilishini aytib, ularga o‘tgan yili ham xuddi shu miqdorda pul topshirilganini qayd etdi.

Ta’kidlash joizki, avvalgi yillarda bu mablag‘lar budjet tashkilotlarida ishlayotgan yo o‘qiyotgan ayol-qizlargagina ajratilishi talab qilingandi. Shunga ko‘ra, uy bekalari va yakka tartibdagi tadbirkorlar 8 mart uchun sovg‘a olmagan.

Eslatib o‘tamiz, Turkmanistonda Shahar kunida (25 may kuni) tug‘ilgan birinchi o‘g‘il bolaga Poytaxt yoki Ashxabod ismi, qiz bolaga Marjona yoki Maya ismi berilishi ma’lum qilingan. Shuningdek, mamlakat prezidenti 8 mart kuniga barcha ayollarga 60 manat (17,1 dollar) miqdorida pul tarqatish bo‘yicha topshiriq bergan.