Ijtimoiy tarmoq faoli Emine-Lemara Mirzaahmedova Jinoyat kodeksining 5 ta moddasi bilan ayblanib, hibsga olingani haqida xabarlar tarqaldi.

Toshkent viloyati IIBB axborot xizmatining ma’lum qilishicha, fuqaro Mirzaahmedovaga tegishli Tex Kredo MCHJga Yangiyo‘l tumani hududida joylashgan xotira maydonchasini zamonaviy shaharsozlik talablari darajasida ta’mirlash uchun shartnoma asosida mahalliy budjet hisobidan 329 mln 300 ming so‘m miqdordagi pul mablag‘lari ajratib berilgan.

«Keyinchalik mazkur shartnoma ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan auditorlik tekshiruvida pudratchi MCHJ rahbari, 47 yoshli Lemara Mirzaahmedova (ijtimoiy tarmoqlarda Emina Karamanova taxallusi bilan tanilgan) va boshqalar tomonidan aslida bajarilmagan 227 mln 135 ming so‘mlik ishlarni qo‘shib yozish orqali rasman bajarilgan ishlar hisobiga kiritib, ko‘p miqdorda budjet mablag‘larini talon-toroj qilganliklari aniqlangan», — deyiladi viloyat IIBB axborotida.

Ta’kidlanishicha, boshqa yana bir holatda ushbu MCHJ mansabdorlari tomonidan xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 7-sonli maktabning qo‘shimcha xo‘jalik binosini qurib berish uchun shartnoma asosida 157 mln so‘m budjet mablag‘lari ajratilgan. Ish hajmini qo‘shib yozish orqali haqiqatda bajarilmagan ishlar uchun yana 13 mln 441 ming so‘m mablag‘lar talon-toroj qilingani aytilmoqda.

Qayd etilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi hamda 228-modda (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash va qalbakilashtirish, sotish yoki foydalanish)ning 2 va 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

«Shuni alohida qayt etish joizki, mazkur jarayonlar fuqaroning OAVdagi blogerlik faoliyatiga aloqador emas», — deyiladi axborotda.

Qo‘shimcha qilinishicha, hozirda pudratchi Tex Kredo MJCH rahbari L.Mirzaahmedova advokat bilan ta’minlangan holda jinoyat ishiga jalb etilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq bloger Abduqodir Mo‘minov Jinoyat kodeksining ikki moddasi bilan ayblanib, protsessual tartibda ushlangani, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi (sobiq Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi) matbuot kotibi Mavjuda Mirzayeva hibsga olingani, 27 yanvar kuni Human.uz nashri direktori Xurshid Daliyev (shuningdek Muxbir Daliyev blogi muallifi) va bosh muharriri Muslim Mirzajonov o‘zini «organ xodimlari» deb tanishtirgan shaxslar tomonidan olib ketilgani haqida xabar berilgandi.