Shuhratjon O‘rinboyevich Sobirov Interpol milliy markaziy byurosining O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori etib tayinlandi, deb xabar berdi O‘zbekiston IIV matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Shuhratjon Sobirov 2020 yilning martidan 2023 yilning fevraligacha O‘zbekiston ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari — O‘zbekiston IIV Tezkor-tergov departamenti boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan. U bungacha Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga rahbarlik qilgan.

2021 yildan buyon Interpolning O‘zbekistondagi byurosiga polkovnik G‘anijon Alimuhamedov rahbarlik qilib kelayotgandi.

22 fevral kuni Namangan viloyati IIB boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Shavkat Rahmonov IIV rahbarining birinchi o‘rinbosari — Tezkor-qidiruv departamenti boshlig‘i lavozimini egallagan.

Xalqaro jinoiy politsiya tashkiloti (Interpol) 1923 yilda tashkil etilgan va shtab-kvartirasi Fransiyaning Lion shahrida joylashgan. Bugungi kunda tashkilotga 195 davlat a’zo.

O‘zbekiston 1994 yilda Interpolga a’zo bo‘lgan va Ichki ishlar vazirligi qoshida Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi tashkil etilgan. Byuro rahbari ichki ishlar vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.