«O‘ztransgaz» Rossiyadan import qilinadigan tabiiy gaz uchun infratuzilmalarini tayyorlamoqda, deya xabar berdi kompaniya matbuot xizmati.

Yanvar oyida O‘zbekiston va Qozog‘iston Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi bilan gaz sanoati sohasida hamkorlik bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni imzolagandi. Energetika vazirligi shundan so‘ng ishchi guruh Rossiya gazini Qozog‘iston va O‘zbekiston hududidan o‘tuvchi «Markaziy Osiyo — Markaz» gaz quvuri orqali tranzit qilish uchun zarur bo‘lgan texnik chora-tadbirlarni kelishib olganini bildirgan.

«O‘ztransgaz» xabariga ko‘ra, Gazli magistral gaz quvurlari boshqarmasi ichki kommunikatsiya va magistral gaz quvurlarida zarur montaj ishlarini amalga oshirmoqda.

«Bundan maqsad Rossiyadan import qilinadigan tabiiy gaz hajmi ichki transportirovka hajmlariga aralashib qolmasligini ta’minlashdir. Shu bilan har bir yo‘nalishda alohida transportirovka yo‘lga qo‘yiladi», — deyiladi xabarda.

Gazli magistral gaz quvurlari boshqarmasi «Gazli» yerosti gaz omborini rekonstruksiya qilish loyihasining hamkori hisoblanadi.

«„Buxoro-Ural“, „O‘rta Osiyo-Markaz“ va „Gazli-Chimkent“ magistral gaz quvurlarining tugunida joylashgan Gazli gaz koni O‘zbekistonning gaz transport tizimi yuragi hisoblanadi va O‘zbekistondan Uralga, Rossiyaning Yevropa qismiga, Qozog‘iston janubiga va Xitoyga gaz eksportini amalga oshirish imkoniga egadir», — deyiladi «Gazli» YeOGO obyektini kengaytirish, rekonstruksiya qilish va birgalikda foydalanish bo‘yicha Gazli Gas Storage O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma korxonasi saytida.

Avvalroq Energetika vazirligi Rossiyadan O‘zbekistonga gaz importi 1 martdan boshlanmasligini ma’lum qilgandi. Ishchi guruhlar imzolangan «yo‘l xaritasi» doirasida o‘rganishni davom ettirilayotgani, hozircha aniq kelishuvga erishilmagani aytilgandi.