Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari O‘zbekistonda qo‘shilgan qiymat solig‘ining (QQS) 15% dan 12% ga tushirilishini iste’mol tovarlari narxlar darajasiga ta’sirini o‘rgandi.

Qayd etilishicha, tahlilda QQS to‘lovchi va asosan rasmiy ish yurituvchi hisoblangani sababli milliy supermarketlar narxlari asos qilib olingan. Jumladan, 97 turdagi 3754 ta iste’mol tovari bo‘yicha 4 oylik statistika data-scraping yo‘li bilan yuklab olingan. Har bir tovar turi bo‘yicha dekabr va yanvar oylarida narxlar o‘rtasidagi o‘zgarish (treatment group) noyabr-dekabr va yanvar-fevral oylaridagi narxlar o‘zgarishi (control group) bilan solishtirilgan.

Natijalarga ko‘ra, QQS stavkasining 12% ga tushirilishi narxlarning tegishli ravishda tushishiga olib kelmagan.

Jumladan, dekabr-yanvar oylaridagi narxlardagi o‘zgarish noyabr-dekabr va yanvar-fevral oylaridagi naxlar o‘zgarishiga nisbatan 0,3% bandga ko‘p bo‘lgan. Bu boshqa barcha omillar ta’sir kuchi to‘xtatib turilgan taqdirda ham, 2,6% ga tushishi kerak bo‘lgan narxlar 0,3% ga oshgan.

Xususan, 46 ta guruh bo‘yicha 1115 ta tovar narxi o‘zgarmagan (bolalar ozuqasi, muzqaymoq, makaron, tana parvarishi mahsulotlari va boshqalar). 20 ta guruh bo‘yicha 1306 ta tovar narxi 1% gacha oshgan (shokolad, shirinlik, gigiyena mahsulotlari). 12 ta guruh bo‘yicha 585 ta tovar narxi 1−5% ga oshgan (kir yuvish kukunlari, meva, go‘sht maxsulotlari, sut va b.). 7 ta guruh bo‘yicha 567 ta tovar narxi (1,6% gacha) pasaygan (kanselyariya tovarlari, souslar, kofe va b.).

Avvalroq PMTI ekspertlari input-output modeli asosida iqtisodiyotning 78 ta tarmoqlari uchun QQS stavkasining 3% bandga pasaytirilishi xarajatlar kamayishiga va buning hisobiga iqtisodiyotning real sektorida narxlarning 0,8% bandga pasayishiga olib kelishini aniqlagandi. Ammo amaliyotda hozircha tadbirkorlar soliq bo‘yicha olgan yengillikni iste’molchiga o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilmayapti.

QQSning tushirilishi narxlar darajasiga ta’sir etmaganining asosiy sabablari qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin:

  • iste’mol tovarlari bozorida xufiyona iqtisodiyot ulushining kattaligi va soliqlardagi pasayishlar rasmiy ishlayotgan firmalarning nisbatan kichik miqdordagi foyda marjasini oshishiga yo‘naltirilishi;
  • bozorlarda tegishli ravishda raqobat muhitining shakllanib ulgurmagani;
  • narxlarga ta’sir etuvchi boshqa asosiy omillar (dollar kursi, qayta moliyalash stavkasi, pul massasi va b.) ta’sir kuchining oshib borishi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 2023 yil 1 yanvardan qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 12 foizga tushirilishini ma’lum qilgandi.

Shuningdek, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari soliq yuki va qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS)ni 3 foiz punktgacha kamaytirish iqtisodiyotga qanday ta’sir etishini tahlil qilgan. QQSni 3% ga tushirish inflyatsiyani 0,8% ga kamaytirishi mumkin, ammo bu soliq tushumlari bo‘yicha yo‘qotishlarni teng miqdorda kompensatsiya qilishi dargumon, degandi PMTI ekspertlari. Ularning fikricha, QQSning real va standart stavkalari o‘rtasidagi tafovutni kamaytirish choralarini ko‘rish istiqbolliroq.

Bundan tashqari, Soliq qo‘mitasi 1 oktabrgacha intizomsiz soliq to‘lovchilar tomonidan QQSni noqonuniy qoplashning oldini olish bo‘yicha nazorat tadbirlari o‘tkazishi ma’lum qilingan. Bu firibgarlik sxemalaridan foydalanib, asossiz soliq nafi olish bilan bog‘liq bo‘lmagan insofli soliq to‘lovchilarning huquqlarini himoya qilish imkonini berishi ta’kidlangan.