Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi 2 mart kuni 22 yoshli talaba Sardor Rahmonqulovga nisbatan jazoni shartli jazo bilan almashtirib, uni sinov muddati bilan ozod qildi, deya xabar qildi O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati.

«Gazeta.uz» yanvar oyi oxirida Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudi yigitni Jinoyat kodeksining 244−1-moddasi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismining «g» bandi bilan aybdor deb topilgani va 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgani haqida xabar bergan edi.

Toshkent davlat texnika universitetining 4-bosqich talabasi, SMM-menejeri Sardor Rahmonqulov sud qarorida aytilishicha, Telegram bot orqali ko‘chirib olingan aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘irilgan, shahid bo‘lish orzulari ekani haqidagi va boshqa mazmundagi audioqo‘shiq (nashida)ni tanishiga tarqatish maqsadida yuborgan.

Mahkumning onasi o‘g‘li avvaliga «o‘g‘li avvaliga izolyatordalik vaqtida sodir etishi mumkin bo‘lmagan huquqbuzarlik uchun 15 sutkaga qamalganini» ma’lum qilgan.

Apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqqan sud 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini shartliga o‘zgartirib, 2 yil sinov muddati belgiladi. Sardor Rahmonqulov sud zalida hibsdan ozod etildi.

Uning 7 oy 9 kun tergov izolyatorida bo‘lgani inobatga olinib, bu muddat asosiy jazodan chegirib tashlandi.

«Albatta, sudyalar mustaqil, ular faqatgina qonunga bo‘ysunadilar. Shu ma’noda jamoatchilikning keng muhokamasi emas, balki amaldagi qonunchiligimizda nazarda tutilgan adolat va shaxsni axloqan qayta tarbiyalash singari tamoyillarga asoslangan holda sud shunday to‘xtamga kelganini ta’kidlash joiz», — deyiladi xabarda.

Oliy sud ma’lumotlariga ko‘ra, Sud jinoyat ishini atroflicha o‘rganar ekan, S. Rahmonqulovning o‘z qilmishiga iqror va pushaymonligi, unga nisbatan yengillik berish haqidagi kafolat xatlarini inobatga olgan holda hamda insonparvarlik va odillik tamoyillariga asoslanib qaror chiqargan.