Oliy Majlis Senatining o‘ttiz yettinchi yalpi majlisida ««Iste’mol krediti to‘g‘risida»gi qonunning 15-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida»gi qonun ko‘rib chiqildi.

Senatorlarning ta’kidlashicha, Markaziy bankning ma’lumotlariga ko‘ra, keyingi uch yilda aholiga milliy valyutada ajratilgan kreditlarda maqsadi belgilanmagan kreditlar toifasiga kiruvchi mikroqarz 2020 yilda 5,8 trln so‘mni, 2021 yilda qariyib 1,7 barobarga o‘sib, 9,9 trln so‘mni tashkil etgan, 2022 yilda esa 21,6 trln so‘mni tashkil etib (o‘tgan yilga nisbatan o‘sish surati — 2,2 barobarga) yetdi.

Ko‘rib chiqilayotgan qonun bilan O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun moliyaviy iste’mol kreditlarni taqdim etish jumlasi amaldagi qonundan chiqarib tashlanmoqda. Bu bilan O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, ya’ni import torvarlar va xizmatlar realizatsiyasiga ham ruxsat berish ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmagan tovarlar (xizmatlar) uchun ham iste’mol krediti ajratishga ruxsat berish ko‘zda tutilgan.

Xususan, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan sotiladigan tovarlar (xizmatlar), shuningdek, O‘zbekistonga tashqaridan keltirilgan tovarlar (xizmatlar) uchun moliyaviy iste’mol kreditlari berish imkoniyatini nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Shuningdek, qonun bilan iste’molchi moliyaviy iste’mol krediti olish to‘g‘risida iste’mol tovarlarini (xizmatlarini) ishlab chiqaruvchi korxonani yoki realizatsiya qiluvchi tashkilotni oldindan yozma shaklda xabardor qilish tartibi bekor qilinmoqda.

«Qonunning qabul qilinishi aholi iste’mol kreditlarini rasmiylashtirishda yengiliklar yaratilishiga, mamlakatda mahsulot ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamining kengayishiga xizmat qiladi», — deyiladi Senat xabarida.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. Hujjat imzolash uchun prezidentga yuborildi.