AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken 28 fevral kuni Ostona shahrida Markaziy Osiyoning beshta davlati tashqi ishlar vazirlari (C5+1 formati) bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida AQSh ehtimoliy tashqi tahdidda mintaqaga qanday yordam berishi haqida gapirdi.

Jurnalistlardan biri Blinkenning AQSh Markaziy Osiyo davlatlarining hududiy yaxlitligi, mustaqilligi va suverenitetini qo‘llab-quvvatlashi haqidagi so‘zlarini eslab, tashqiridan, xususan, Rossiyadan tahdid yuzaga kelgan taqdirda Qo‘shma Shtatlar ushbu davlatlarga qanday yordam yoki xavfsizlik kafolatlarini berishi mumkinligini so‘radi.

Davlat kotibining ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun ishonchli hamkor ekanini namoyish etmoqda.

«Ularning mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashimiz haqiqatdir. Va bu, ayniqsa, ikki jihatda yaqqol namoyon bo‘ladi. Birinchisi, biz ularga o‘z xavfsizligi, iqtisodiy farovonligi va jamiyatlarining mustahkamligi hamda barqarorligi uchun eng kuchli imkoniyatlarini rivojlantirish maqsadida turli yo‘llar bilan yordam beryapmiz. Bu mamlakatlarning kelajakda ana shu tamoyillar asosida o‘z kelajagini belgilashi uchun eng yaxshi yo‘ldir», — dedi u.

Davlat kotibining so‘zlariga ko‘ra, bu ham ikki tomonlama asosda, ham C5+1 formati (Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston + AQSh) orqali amalga oshirilmoqda.

«Ukrainada biz ko‘rgan narsalardan biri bu, albatta, Rossiya agressiyasiga qarshi Ukraina xalqining aql bovar qilmaydigan jasorati, harbiylarning favqulodda kuchli harakatlaridir. Lekin menimcha, bu hammasi emas. O‘ylaymanki, biz nafaqat hukumat ichida, balki undan tashqarida ham faol erkin matbuot, shuningdek, kuchli fuqarolik jamiyati kabi kuchayib borayotgan institutlarga ega barqaror jamiyatni ko‘rmoqdamiz», — dedi amerikalik diplomat.

Bu elementlarning har biri «Ukrainaning Rossiya agressiyasiga qarshi kurash va tajovuzga chidamli hamda unga qarshi kurasha oladigan davlat qurishdagi muvaffaqiyatli tarixning bir qismidir» dedi u.

«Bu yerda amalga oshirayotgan ishlarimiz Markaziy Osiyodagi do‘stlarimizga kuchli institutlarga ega, o‘z xalqi uchun yanada salohiyatli va barqaror jamiyatlar qurishga yordam beradi. Shuning uchun AQSh va boshqa mamlakatlardan tobora ko‘proq sarmoya kiritilmoqda. Qolaversa, [Markaziy Osiyo mamlakatlari] o‘rtasidagi yaqinroq aloqalar oxir-oqibat bu hukumatlarni umumiy muammolarni hal qilishda birgalikda harakat qilganda yanada mustahkamlanadi. Menimcha, bu hududiy yaxlitlik, suverenitet va mustaqillikni himoya qilish qobiliyati ancha kuchli bo‘lgan mintaqani yaratadi», — dedi Entoni Blinken.

O‘sha matbuot anjumanida u Rossiyaga qarshi sanksiyalar Markaziy Osiyo mamlakatlariga iqtisodiy salbiy ta’sir ko‘rsatishini, shu bois Qo‘shma Shtatlar ularni yumshatish va minimallashtirish uchun barcha sa’y-harakatlarini amalga oshirishini ta’kidladi. U mintaqada savdoni diversifikatsiya qilish va ish o‘rinlari yaratish uchun 25 million dollar ajratilishini ma’lum qildi.