Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 15 fevraldagi qarori bilan «Turkistonbank» bankrot deb topildi, deya xabar bermoqda Markaziy bank matbuot xizmati.

Markaziy bank boshqaruvining tegishli qaroriga asosan «Turkistonbank»ni tugatish komissiyasi o‘z faoliyatini tugatdi. Sud tomonidan A.Keldiyev tugatish boshqaruvchisi etib tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning oktabr oyida Markaziy bankning tegishli qarorlari bilan «Turkistonbank» va Hi-tech bank`dan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyalar chaqirib olingandi. Shuningdek, banklarni tugatish komissiyasi tarkibi tayinlangandi.

Noyabr oyida bankning bir guruh omonatchilarining mablag‘larini subordinar qarz sifatida rasmiylashtirishi oqibatida, kamida 59 kishi o‘ziga tegishli 57 mlrd so‘m mablag‘larni qaytarib ololmagani xabar qilingandi. Shundan so‘ng, MB mijozlar murojaatini ko‘rib chiqish jarayonini nazoratga olgandi.

Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi Kuzatuv kengashining qaroriga ko‘ra, 21 noyabrdan «Turkistonbank» omonatchilari o‘z mablag‘larini qaytarib olish va omonatga qo‘yish yuzasidan agent-bank sifatida tanlangan «Qishloq qurilish bank»ga murojaat etishlari mumkin bo‘lgandi.

«Turkistonbank» xususiy aksiyadorlik tijorat banki 1998 yilda tashkil etilgan. Dastlab, bank transport tashkilotlariga bank xizmatlari ko‘rsatuvchi tarmoq banki sifatida ish boshlagan, keyinchalik universal bank sifatida faoliyat doirasini kengaytirgan. oktabr oyida u O‘zbekiston bank tizimida aktivlari bo‘yicha 26-o‘rinni egallagan.