Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) Farg‘ona vodiysida sug‘orish samaradorligini oshirish uchun O‘zbekistonga 199,96 mln dollargacha suveren kredit ajratadi, deb xabar qildi YTTB matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga.

“Ushbu mablag‘lar asosan global isishdan aziyat chekayotgan muzliklarning erishi hisobiga oziqlanadigan Sirdaryodan chuchuk suv oladigan O‘zbekistonning uchta viloyatida muhandislik ishlarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi”, — deyiladi hisobotda.

Xususan, Farg‘ona vodiysida sovet davrida qurilgan va ayni paytda eskirgan 118 ta nasos stansiyasi modernizatsiya qilinadi, ular uchun zamonaviy energiya tejamkor nasos agregatlari xarid qilinadi va o‘rnatiladi, tegishli infratuzilma rekonstruksiya qilinadi.

Loyiha hududiy suv transporti tizimi samaradorligini oshirishi kutilmoqda. Eski suv nasoslarini zamonaviy uskunalar bilan almashtirish suv sarfini yaxshiroq nazorat qilish va suv yo‘qotishlarini kamaytirish imkonini beradi.

“Bunday yashil loyihalarni qo‘llab-quvvatlash orqali biz nafaqat ushbu hudud uchun muhim bo‘lgan suvdan foydalanish samaradorligini oshirmoqdamiz, balki sug‘oriladigan yerlar maydonini qariyb 32 ming gektarga ko‘paytirishga, O‘zbekistonning eng aholi gavjum mintaqasida 19 mingga yaqin aholini ish bilan ta’minlashga ko‘maklashyapmiz”, — dedi YTTBning Markaziy Osiyo bo‘yicha boshqaruvchi direktori Jujanna Xargitay.