Samarqand viloyati Urgut tumanida maktab direktori tarsaki tushirgan o‘quvchining quloq pardasi yirtilgan edi. Oliy sud matbuot xizmati sobiq direktorga nisbatan hukm o‘qilganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, sinfxonada o‘quvchilar maktab oshxonasidan sotib olingan paqildoqni portlatgan. Shundan so‘ng direktor kelib, o‘quvchilardan birinining qulog‘iga tarsaki tushirgan. Bolalarning so‘zlariga ko‘ra, maktab rahbari o‘quvchiga to‘rt martagacha tarsaki urgan, u yiqilganidan so‘ng oyog‘i bilan tepgan.

Sobiq rahbar holatga izoh berarkan, achchiq ustida bolani urgani, shundan keyin Toshkentga 3 marta olib borib davolatgani, hozir uning ahvoli yaxshi ekanini ma’lum qildi.

Ammo yigitning otasi o‘g‘lining boshi partaga urilib, chayqalgani, iltimos qilsa ham, direktor urishda davom etgani, davolanganiga qaramay, qulog‘ida haliyam muammo borligini bildirdi.

Yakunda sud sobiq direktorni Jinoyat kodeksining 206-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismi bilan 3 yilga ta’lim sohasida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qildi. Shuningdek, unga nisbatan 2 yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.