Huquq-tartibot idoralari tomonidan Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tarkibidagi «O‘zavtoyo‘lbelgi» davlat unitar korxonasi faoliyatida noqonuniy holatlar aniqlandi, deya xabar bermoqda O‘zA.

«Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorga muvofiq, «O‘zavtoyo‘lbelgi»ga istisno tariqasida mahalliy va xorijiy tashkilotlar bilan eng yaxshi taklif orqali mahsulotlarni sotib olish to‘g‘risidagi shartnomalarni tanlov savdolarini o‘tkazmasdan tuzishga ruxsat berilgan.

Biroq korxona mansabdor shaxslari 2021−2022 yillarda o‘zlariga tanish bo‘lgan 5 ta mahalliy MCHJ bilan jami 9 milliard 193 million so‘mlik 21 ta shartnoma tuzgan. Ulardan yo‘l belgilarini yasash va chizishda foydalaniladigan mahsulotlarni erkin bozor narxlaridan qimmat narxlarda xarid qilib, 2 milliard 701 million so‘m miqdoridagi budjet mablag‘larini talon-toroj qilishgan.

Holat yuzasidan «O‘zavtoyo‘lbelgi» DUK va 5 ta MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

2022 yilning ferval oyida prezident transport serqatnov bo‘lgan 2000 dan ortiq chorraha va 9500 ta piyoda o‘tish joylari svetofor yoki boshqa vositalar bilan jihozlanmaganini tanqid qilgandi. O‘shanda yo‘l belgilari bilan bog‘liq muammoni bartaraf etish uchun «O‘zavtoyo‘lbelgi» monopoliyasi tugatilishi aytilgandi.

«Gazeta.uz» hukumat o‘zining qarori bilan ushbu korxonani yagona yo‘l belgilari va ko‘rsatkichlarini ishlab chiqaruvchiga aylantirganidan so‘ng, mamlakatda ushbu belgilarning tanqisligi kuzatilgani haqida yozgandi.