Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi Xitoyning «Ukraina inqirozi»ni siyosiy jihatdan tartibga solish bo‘yicha «tinchlik rejasi»ni olqishladi. Ostona muammoni xalqaro huquq va BMT nizomi tamoyillari asosida tinch yo‘l bilan hal qilishdan boshqa iloj yo‘q, deb hisoblashini bildirib, konflikt tomonlarini muloqotga chaqirdi.

Vazirlik bayonotiga ko‘ra, Xitoy pozitsiyasi «BMT nizomining asosiy tamoyillariga muvofiq davlatlarning hududiy yaxlitligi, mustaqilligi va suvereniteti asosida qon to‘kilishini to‘xtatishga yordam beradi va qo‘llab-quvvatlashga loyiq».

«Biz harbiy konfliktda ishtirok etayotgan tomonlar xayrixohlik ko‘rsatishi, o‘zaro adovatni to‘xtatishi va imkon qadar tezroq muzokaralar stoliga o‘tirishi, jahon hamjamiyati esa vaziyatni diplomatik yo‘l bilan hal qilishga har tomonlama hissa qo‘shishi tarafdorimiz», — deya qayd etdi Qozog‘iston TIV.

Ostona Xitoy tomonidan avvalroq taqdim etilgan global xavfsizlik tashabbusi konsepsiyasini ham qo‘llab-quvvatladi. Xabarda ta’kidlanishicha, Qozog‘iston va Xitoy zamonning dolzarb muammolarini hal qilishda o‘xshash pozitsiyaga ega.

Qozog‘iston ham Xitoy kabi Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini ochiq qoralamagan, shu bilan birga, Ukrainaning Lugansk, Donetsk, Xerson va Zaporoje viloyatlarining Rossiya tarkibiga qo‘shilishi bo‘yicha referendumni tan olishdan bosh tortgan. Oldinroq esa Lugansk va Donetsk xalq respublikalaridan bo‘lgan «kvazi-davlat hududlari»ni tan olmasligini bildirgan.

Avval xabar berganimizdek, Xitoy harbiy mojaroni hal qilish bo‘yicha o‘z rejasini 24 fevralda, Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga kirganiga bir yil bo‘lgan kunda taqdim etgandi. U 12 ta banddan iborat. Rejada boshqa punktlar qatorida o‘t ochishni to‘xtatish, tinchlik muzokaralari, bir tomonlama sanksiyalarni to‘xtatish va ta’minot zanjirlarida barqarorlikni ta’minlash nazarda tutilgan.

Pekin tashabbusi Rossiya TIV tomonidan olqishlangan, shuningdek, «xitoylik do‘stlarning mojaroni hal qilishga hissa qo‘shishga samimiy intilishi» deb baholangan. Ta’kidlanishicha, reja ko‘p jihatdan Moskvaning 2021 yil oxirida taqdim etilgan xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha takliflariga o‘xshaydi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning fikricha, Xitoy takliflari «tinchlik rejasi» emas, balki ularning mojaro haqidagi fikrlari ifodasidir. U, shuningdek, «Xitoyning Ukrainadagi mojaro haqida gapira boshlagani yaxshi» va «bu so‘zlar ortida nima borligi boshqa savol ekani»ni ta’kidladi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy takliflarida u qo‘shilmaydigan g‘oyalar bor, biroq hududiy yaxlitlikni qo‘llab-quvvatlash masalasida mos keladigan fikrlar ham mavjud.

AQSh prezidenti Jo Baydenning fikricha, Xitoy rejasi faqat Rossiya tomoni uchun manfaatli. «Putin rejani olqishlaydi, bu qanday yaxshi bo‘lishi mumkin? Men rejada Rossiyadan boshqa biror kimga foydali bo‘lishi mumkin bo‘lgan narsa borligini ko‘rmadim», — dedi u. Amerika prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Ukraina uchun «mutlaqo adolatsiz» bo‘lgan urushni to‘xtatish bo‘yicha Xitoy muzokaralar olib borishi haqidagi g‘oyaning o‘zi «shunchaki mantiqsiz» hisoblanadi.