1 martdan O‘zbekistonda Ai-80 benzinining narxi oshishi kutilmoqda, deb xabar qildi «O‘zbekneftgaz» kompaniyasi matbuot xizmati.

Prezidentning 2022 yil 12 dekabrdagi «Kuz-qish mavsumida iste’molchilarni avtobenzin mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash va ularning narxlari keskin oshishining oldini olish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-440-sonli qaroriga asosan, 2022 yil 10 dekabrdan 2023 yil 1 martga qadar import qilinadigan, mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan va tadbirkorlik subyektlari tomonidan yakuniy iste’molchilarga sotiladigan AI-80 rusumli avtobenzin mahsuloti uchun aksiz solig‘i «nol» stavkada qo‘llanishi belgilangandi.

Natijada, 2022 yil 1−12 dekabr kunlari 1 tonna Ai-80 rusumli avtobenzin uchun o‘rtacha birja narxi 8 096 000 so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, 13 dekabrdan boshlab 6 295 000 so‘mni tashkil qilgan yoki 1 801 000 so‘mga arzonlashdi.

Kompaniyaning qayd etishicha, AYOQSHlarda 1 litr Ai-80 rusumli avtobenzinning narxi o‘rtacha 6 800 — 7 500 so‘mdan 5 700 — 6 000 so‘mgacha, yoki o‘rtacha 1 100 so‘mga arzonlashdi.

«2023 yil 1 martda yuqoridagi tartiblarning amal qilish muddati (imtiyozli davr) yakunlangandan keyin aksiz solig‘i hisoblanishi va birjada narxlarning erkin (o‘sish darajasi cheklanmasdan) shakllanishi hisobiga Ai-80 rusumli avtobenzin narxi oshishi kutilmoqda», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, 1 martdan boshlab birja savdolariga joylashtiriladigan 1 tonna mahalliy Ai-80 rusumli avtobenzin boshlang‘ich narxi 6 863 000 so‘mdan, import avtobenzini narxi 8 036 000 so‘mdan shakllanib, birja savdolari yakuni bilan narxlar o‘rtacha 8 150 000 so‘mni (1 litr uchun 6 100 so‘m) tashkil etishi kutilmoqda.

Bunda, narxlar o‘zgarishi hisobiga «O‘zbekneftgaz» AJ tasarrufidagi AYOQSHlarda 1 litr Ai-80 rusumli avtobenzinning chakana narxi mahalliy mahsulot uchun 6 800 so‘mdan, import mahsuloti uchun 7 000 so‘mdan shakllanadi.