Turkiyada fevral boshida sodir bo‘lgan kuchli zilzilalar oqibatida binolarning qulashiga aloqador 612 kishiga nisbatan tergov boshlandi, deya xabar bermoqda mamlakat adliya vaziri Bekir Bo‘zdag‘ga tayanib Anadolu agentligi.

Qayd etilishicha, 184 nafar gumonlanuvchi sud qarori chiqarilgunga qadar hibsga olindi. Ular orasida qurilish pudratchilari, ish boshqaruvchilar, bino egalari, shuningdek, obyektlar dizayniga o‘zgartirish kiritganlar ham bor.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, tabiiy ofat hududidagi vayronalarni tekshirish doirasida 7598 ta turar-joy binolari bo‘yicha dalil yig‘ish ishlari yakunlandi.

Turkiyada 6 fevral kuni qariyb 100 yil ichidagi eng kuchli zilzilalardan biri sodir bo‘ldi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida 44,2 mingdan ortiq inson halok bo‘lgan. Qahramonmarash markazidagi zilzilalardan keyin ham yana 9136 marotaba yer silkinishi qayd etilgan, 528 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilingan.

Mamlakat prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an 14 fevral kuni kamida 41 ming binoga zarar yetgani, ularning yaroqsizligi va zudlik bilan buzib tashlanishi lozimligini aytgandi. Keyinchalik ma’lum qilinishicha, vayron bo‘lgan binolarning aksariyati 1999 yilgacha seysmik hududlarda qurilish qoidalari unchalik qattiq bo‘lmagan vaqtlarda barpo etilgan. Uylar muhandislik ishlari va tuproqning suyulishi kabi muammolar tufayli qulab tushdi, deya tushuntirdi Turkiya atrof-muhit, urbanizatsiya va iqlim o‘zgarishi vaziri Murat Kurum.

Associated Press agentligining mutaxassislarga tayanib xabar berishicha, vayron bo‘lgan binolarning ko‘pchiligi sifatsiz materiallar va usullardan foydalangan holda qurilgan, ularning ayrimlari hukumat standartlariga javob bermagan. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, zilzilalar natijasida 173 mingga yaqin bino vayron bo‘lgan yoki zarar ko‘rgan.

Iyun oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlar arafasida Erdog‘an hukumati o‘n minglab binolarning osongina vayron bo‘lishiga olib kelgan so‘nggi yillardagi siyosati uchun tanqidlar to‘lqiniga duch keldi.

Prezident Turkiya hukumati bir yil ichida qulagan barcha binolarni tiklash niyatida ekanini ta’kidladi. Hududlardagi 2,5 million binodan 105 794 tasidagi 380 mingdan ortiq xonadon zudlik bilan buzishga muhtoj yoki qulab tushgani aytilmoqda.

«Nafaqat buzib tashlangan binolarni yangilash, balki o‘tmishdagi xatolardan saboq olgan holda shaharlarni ilmiy dalillar asosida qayta loyihalash ham zarur», — dedi Istanbul arxitektura palatasi sobiq rahbari Esin Koymen.