O‘tgan sutka davomida yuk va yo‘lovchi tashuvchi transport vositalari harakatining cheklanishi munosabati bilan Aktobe viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi qutqaruvchilari 93 kishini evakuatsiya qildi, deb xabar berdi Qozog‘iston FVV.

Evakuatsiya qilinganlar orasida O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari bor.

«24 fevral kuni soat 22:50 da Aytekebi tumani Samara-Chimkent avtomobil yo‘lining 964-kilometrida Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan Bishkek-Moskva yo‘nalishidagi Yutong yo‘lovchi avtobusi Qorabutak qishlog‘igacha kuzatib borilgan. O‘zbekiston va Tojikistonning 41 nafar fuqarosi issiqlik punktiga (Markaziy masjid) evakuatsiya qilindi», — deyiladi xabarda.

Qutqaruv ishlariga 52 nafar qutqaruvchi va 14 dona texnika jalb qilingan.

«25 fevral kuni soat 04:05 da Aktobe shahrida Setra rusumli (Chimkent-Moskva) yo‘lovchi avtobusida texnik nosozlik tufayli 54 kishi qishloq masjidiga evakuatsiya qilindi, ularning 52 nafari O‘zbekiston fuqarolari hisoblanadi», — deb xabar berdi vazirlik.

Aktobe viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi fuqarolarga ob-havo o‘zgarishlarini hisobga olishi, ob-havo yomonlashgan taqdirda yoki yo‘llarda transport vositalarining harakatlanishiga cheklovlar joriy etilsa, chiqmaslikni qat’iy tavsiya qildi.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida Aktobe viloyatida avtobusda qolib ketgan yana 31 nafar O‘zbekiston fuqarosi evakuatsiya qilingandi. Transport vositasining yo‘lda qolib ketishiga kuchli sovuq tufayli dizel yonilg‘isi muzlab qolgani sabab bo‘lgan.

Bundan tashqari, Qozog‘istonda sovuq tufayli yo‘lda qolib ketgan avtobuslardan 69 nafar O‘zbekiston fuqarosi evakuatsiya qilingan.