Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasi 23 fevral, payshanba kuni bo‘lib o‘tgan favqulodda maxsus sessiyasida Ukrainada BMT nizomi tamoyillariga muvofiq, imkon qadar tezroq «keng qamrovli, adolatli va mustahkam» tinchlik o‘rnatish zarurligi to‘g‘risida rezolyutsiyani qabul qildi.

Hujjatda Bosh assambleya a’zolari «Rossiya Federatsiyasidan o‘zining xalqaro tan olingan chegaralari doirasida Ukraina hududidan barcha qurolli kuchlarini zudlik bilan, to‘liq va so‘zsiz olib chiqib ketishni» talab qildi va harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqirdi, deb xabar berdi BMT axborot xizmati.

Rezolyutsiyaga 141 ta davlat yoqlab ovoz berdi, 32 davlat, jumladan, O‘zbekiston betaraf qoldi, 7 ta davlat — Belarus, Shimoliy Koreya, Eritreya, Mali, Nikaragua, Rossiya va Suriya qarshi ovoz berdi. Belarus tomonidan taklif qilingan tuzatishlar rad etildi.

бмт, россия, украина, уруш

Bosh assambleya Ukrainaning xalqaro miqyosda tan olingan chegaralari, jumladan, hududiy suvlari doirasidagi suvereniteti, mustaqilligi, birligi va hududiy yaxlitligiga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi.

Bosh assambleya rezolyutsiyada «qurolli konflikt ishtirokchilarining barcha harbiy asirlarga munosabati 1949 yil 12 avgustdagi Harbiy asirlar bilan qilinadigan muomala to‘g‘risidagi Jeneva konvensiyasi va 1949 yildagi I Qo‘shimcha protokol qoidalariga muvofiq bo‘lishini, harbiy asirlarni to‘liq almashishni, barcha noqonuniy hibsga olinganlarni ozod qilishni, majburiy ko‘chirilgan va deportatsiya qilingan tinch aholini, shu jumladan, bolalarni qaytarishni talab qiladi».

Bosh assambleya delegatlari «Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi agressiyasi oqibatida vujudga kelgan inson huquqlari va gumanitar vaziyat bilan bog‘liq og‘ir vaziyatdan afsusda ekanini» bildirdi. Hujjat tomonlarni tinch aholi va fuqarolik obyektlarini himoya qilish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini hurmat qilishga va yordamga muhtoj bo‘lganlarga insonparvarlik yordamining to‘siqlarsiz kirishini ta’minlashga, shuningdek, Ukrainaning muhim infratuzilmasi, jumladan, uylar, maktablar va kasalxonalarga hujumlarni darhol to‘xtatishga chaqiradi.

Rezolyutsiyada, shuningdek, «Ukraina hududida sodir etilgan eng og‘ir jinoyatlar milliy yoki xalqaro darajada adolatli va mustaqil tergovlar orqali xalqaro huquq doirasida javobgarlikka tortilishini ta’minlash zarurligi» ta’kidlangan.

BMT Bosh assambleyasi delegatlari tashkilotga a’zo davlatlarning Ukrainada tinchlik o‘rnatishga qaratilgan sa’y-harakatlarini qayd etib, xalqaro hamjamiyatni bu harakatlarni qo‘llab-quvvatlashni karrasiga oshirishga chaqirdi. Urushning global oqibatlarini bartaraf etish uchun davlatlar hamjihatlik ruhida hamkorlik qilishi kerak, deyiladi rezolyutsiyada.