O‘zbekiston SSV va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Toshkentdagi vakolatxonasi hamkorligida toksikologiya bo‘yicha o‘tkazilgan seminarda sohaga oid dolzarb masalalar va mamlakatda toksikologiya markazi tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga JSST vakolatxonasi ma’lum qildi.

Tadbirda Buyuk Britaniya, Italiya, Malta va Germaniyadan toksikologlar, O‘zbekistondan esa vazirlikning toksikologik-kimyoviy xavfsizlik masalalari bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislari, jumladan, klinitsistlar (toksikolog, pediatr, shoshilinch tibbiy yordam shifokorlari, suitsidolog va boshqalar) hamda Sanitariya-epidemiologiya xizmati mutaxassislari ishtirok etdi.

Seminarda jahon bozorida foydalanilayotgan, ishlab chiqarilayotgan va muomalada bo‘lib turgan kimyoviy moddalar hajmining ko‘payishi, ularning internet orqali sotilishi va xavfli oqibatlari to‘g‘risida yetarli ma’lumotga ega bo‘lmaslik sog‘liqni saqlash tizimiga qo‘shimcha xavf tug‘dirayotgani ta’kidlandi.

Shuningdek, zaharlanishlarning oldini olishda yuzaga kelgan favqulodda vaziyatlarda murakkabliklar kelib chiqmoqda. Gap dori-darmonlar, giyohvand moddalar, spirtli ichimliklar, ilon, o‘rgimchaklar chaqishi va boshqa zaharlanishlar haqida bormoqda.

JSST toksikologiya markazlari o‘tkir va surunkali zaharlanishning oldini olish, tashxislash va davolash, kimyoviy favqulodda vaziyatlarga qarshi kurash, umuman olganda, kimyoviy moddalar nazorati bo‘yicha maslahat va yordam berish kabi keng funksiyalarga ega ekanini qayd etdi.

Toksikologiya markazining vazifalari quyidagi omillar asosida belgilanadi:

  • sog‘liqni saqlash tizimining tuzilishi;
  • mavjud imkoniyatlar, resurs va obyektlar;
  • aholi, shuningdek, sanoat korxonalari kimyoviy xavfsizligini ta’minlashda sog‘liqni saqlash sohasining o‘rni.

Toksikologiya markazlari faoliyati yaxshi yo‘lga qo‘yilgan mamlakatlarda zaharlanish va o‘lim holatlari sezilarli darajada kamaygan, tez tibbiy yordam xizmatiga bo‘luvchi bosim va zaharlangan bemorlarning tibbiyot muassasalarida o‘tkazadigan vaqti qisqargan, deyiladi seminarda.