«Mushtum» jurnali 100 yoshga to‘lishi munosabati bilan «Gazeta.uz» 2023 yilning fevral oyi oxirigacha jurnal sahifalarida turli yillarda chop etilgan 10 materialni takror chiqarishga qaror qildi. Turkumning avvalgi materiali 22 fevral kuni berilgan. Navbatdagi material — taniqli o‘zbek adibi Abdulla Qahhor tomonidan 1937 yilda yozilgan «San’atkor» feletonidir.

Konsert odatgicha «navbatdagi nomeramizda… kelganlaringizga rahmat, o‘rtoqlar» bilan tamom bo‘ldi. Nomi chiqqan ashulachi san’atkordan boshqa hamma xursand bo‘lib tarqaldi. San’atkor tajang edi. Tanaffus vaqtida zalga chiqqanida bir traktorist uni savodsizlikda aybladi. Traktorist tanqid qilganiga san’atkor sira chidayolmas edi. Traktorist qayoqda-yu, ashulachi qayoqda!

San’atkor uyiga ketkani izvoshga o‘ltirganida yana tutaqishib ketdi: «Hech bo‘lmasa aytaturgan ashulangni o‘rgan, so‘zlarini to‘g‘ri ayt, emish! Nimasini bilmayman? Nimasi to‘g‘ri emas? Meni shu vaqtgacha muxbirlar, ya’ni yozuvchilar ham tanqid qila olgan emas. Formalizm, naturalizmlardan o‘tdim, hech kim otvod bergani yo‘q. Otvod berish u haqda tursin, hech kim meni og‘ziga ham olmadi. Endi bir traktorist tanqid qilar emish!..»

San’atkor, izvoshchini hayron qoldirib, o‘zidan-o‘zi g‘uldirab borar edi. Uyda xizmatchi ovqat qilib qo‘ygan ekan. San’atkorning tomog‘idan hech narsa o‘tmadi — quruq ikki piyola choy ichdi. Unga, turib nash’a qilar edi: «Ashulani mexailistik aytar emishman! Tovushim yomon bo‘lsa, nega plastinkaga oldi? Tanqid deganga endi, bu kishining ham tanqid qilg‘ulari kelip qolipti! Ob-bo…»

— O‘qushga bordingizmi? — dedi u xizmatchiga qovog‘ini solib.
— Bordim.

Xizmatchi ikki haftadan beri savod maktabida o‘qur edi.

— Xizmatchisi savodsizlik maktabida o‘qiyotgan biri kishini traktorist «savodsiz!» desa alam qilmaydimi? — dedi san’atkor o‘zicha bo‘g‘ilib, — «labingdan bo‘lsa olsam-ye, shakar lab», deganim u kishiga yoqmapti, «bo‘lsa» emas, «bo‘sa» emish! O‘zi bilmaydi-yu, menga o‘rgatganiga kuyaman! Senga o‘xshagan savodsizlar «Bo‘sa, bo‘masa» deydi. Pazorni (y) «gugurtni yerga tashlamang» deydi, rejissorimiz esa «gugurtning yerga tashamang» deydi. Qanday chiroylik! Pazorni (y), pazorni (y), pazorni (y)mi? Pazorni (y), albatta… Rejissorimiz juda kulturni (y) odam. Odam degan mana shunday bo‘lsa — urushsa ham xafa bo‘lmaydi kishi. Ikki gapning birida «ta’bir joyiz ko‘rilsa» deb turadi. Bu traktorist menga shuncha dashnom berib, ko‘ngul uchun bir martaba bo‘lsa ham «ta’bir joyiz ko‘rilsa» demadi. Bilmaydi-da, bilmaydi! Traktorist!

Xizmatchi daftar-qalamini keltirib, san’atkorning qoshiga qo‘ydi.

— «J»ning kattasi qanday yozilar edi? Domlamiz bu kun ko‘rsatgan edi, esimda qolmapti.

San’atkorning achchig‘i keldi:

— Endi «j»ga keldingizmi? Borjo‘m deganda yoziladi. Kechagi borjo‘m ochiq qolipti. Gazi bo‘lmagandan keyin bir pulga qimmat. Siz ham dunyoga kelib kulturni (y) odam bo‘lsangiz-chi! Burningiz terladi, arting… Ta’bir joyiz ko‘rilsa, ovqat yeganda og‘zingizni yumib chaynang!

San’atkor o‘rnidan turib, yotoqqa kirib ketdi.

— Yotasizmi? — dedi xizmatkor narigi uydan.
— Nima edi?
— «J»ning kattasini ko‘rsatib bermadingiz, ertaga domla so‘rar edi.
— Kichigini yozib qattiqroq o‘qing!

San’atkor yechinib ko‘rpaga kirdi. Xizmatchi chiroqni o‘chirib chikdi. Ko‘ziga g‘ira-shira qorong‘i zaldagi son-sanoqsiz kallalar ko‘rindi. Bularning ichida eng kattasi — traktoristning kallasi, u iljayar edi.

— Apting qursin! — dedi san’atkor va narigi yonboshiga ag‘darildi.

Xayal o‘tmay uyquga ketib, xurrak otdi. Uning xurragi ham nechukdir adabiyroq edi:

— Pluq-pum-prr… pluq-pum-prr…

Abdulla Qahhor,
«Mushtum» juranli, 1937 yil, 6-son