Cog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘i bilan Mirzohid Qodirov Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi davlat unitar korxonasi direktori vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

M.Qodirov 2003 yilda Toshkent farmatsevtika institutini tamomlab, ish faoliyatini mazkur oliy o‘quv yurtida kafedra assistenti sifatida boshlagan.

Keyinchalik Dori vositalari va tibbiy texnika sifatini nazorat qilish bosh boshqarmasi Farmakopeya qo‘mitasida yetakchi mutaxassis, qo‘mita raisi o‘rinbosari, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi DUK direktori kabi lavozimlarda ishlagan.

«M.Qodirovga tizimda korrupsiyaga barham berish, sohaga xalqaro standartlar, yuqori texnologiyali laboratoriyalarni joriy qilib, O‘zbekistonga sifatli dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar kirib kelishini ta’minlash, mamlakatda farmatsiya sohasini yangi bosqichga olib chiqish, markazda faoliyat ko‘rsatuvchi kadrlar malakasini jahon talablari darajasida oshirib borish hamda o‘z ishiga halol hamda vijdonan yondashadigan bilimli va mahoratli mutaxassislardan iborat jamoani shakllantirish kabi muhim vazifalar yuklatildi», — deyiladi xabarda.

Avvalroq Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligida Ulug‘bek Egamov rahbar sifatida ish boshlagandi.

Eslatib o‘tamiz, «Dok-1 Maks» va «Ambronol» siropining nojo‘ya ta’siri sababli bolalar vafoti bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tergovi doirasida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda uning huzuridagi «Dori vositalari, tibbiy buyum va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi» DUK sobiq direktori Sardor Kariyev hamda sodir etilgan jinoyatlarga aloqador bo‘lgan uning bir nechta shaxslar ish bo‘yicha gumon qilinib ushlanib, ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangandi.