«Mushtum» jurnali chiqa boshlaganiga 100 yil to‘lishi munosabati bilan «Gazeta.uz» 2023 yilning fevral oyi oxirigacha jurnal sahifalarida turli yillarda chop etilgan 10 materialni qayta chop etishga qaror qildi. Turkumning avvalgi materiali 21 fevral kuni berilgan. Navbatdagi material — muallif F.Nuriddinovning shaxsni tasdiqlovchi va boshqa shu xil hujjatlarni beruvchi idoralarda o‘zbekcha ism-familiyalarni buzib yozilishi haqidagi 1957 yilda yozilgan «Ismbuzarlar» maqolasidir.

Institut qabul komissiyasida ajoyib bir voqea yuz berdi. Qabul komissiyasining raisi institutga qabul imtihoni topshirgan bir studentni ko‘pchilik oldida so‘roq qila boshladi.

— Familiyangiz?
— Ibrohimov.
— Ismingiz?
— Olimjon.
— Imtihonni kim topshirdi?
— O‘zim.
— Bu pasport kimniki?
— Meniki.
— Attestat-chi?
— O‘zimniki.
— Yolg‘on gapirgani uyalmaysizmi, siz Ibragimov Alimjonsiz, attestat Ibrohimov Olimjon degan kishiniki.
— Bo‘lmagan gap. Ibragimov ham, Ibrohimov ham menman. Otamning ismi Ibrohim. Otam o‘zimning otam, o‘gay emas. Men otamning o‘g‘liman, ishonmasangiz onamdan so‘rang. Attestat ham o‘zimniki, undagi beshlar ham o‘zimniki.
— Bu yerda lo‘ttibozlik ketmaydi. Yo attestat birovniki, yo pasport. Ibrohimov bilan Ibragimov, Olimjon bilan Alimjon o‘rtasida ot bilan tuyacha farq bor. Qayerdan kelgan bo‘lsangiz, o‘sha yerga ketavering.

Student suvga tushgan bo‘lka nondek bo‘shashib, qabul komissiyasidan chiqib ketdi. Endi u nima qilsin, dodini kimga aytsin, hasrat qiladigan kishisi yo‘q, musofir. U birpas ko‘cha kezib yurdi-da, ertalab otasining pul yuborgani haqidagi qog‘ozni olgani esiga tushib, pochtaga qarab yo‘l oldi.

Pochtada yana so‘roq boshlandi:

— Familiyangiz?
— Ibrohimov.
— Ismingiz?
— Olimjon.
— Pasportingiz?
— Mana.
— Bu kimning pasporti?
— O‘zimniki.
— Bo‘lmasa izveshcheniye sizniki emas, Ibrohimov Olimjon degan kishiniki ekan. Kechirasiz.

Olimjon (hujjat bo‘yicha Alimjon)ning fig‘oni falakka ko‘tarilib ketdi. Axir izveshcheniyening orqasiga otasi o‘z qo‘li bilan «O‘g‘lim Olimjon, imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirganing bilan tabriklayman. Biz tinchmiz, 300 so‘m pul yubordim, kamu ko‘stingga ishlat. Sen o‘pib, otang», deb yozgan-ku, bu qanaqasi bo‘ldi endi. Olimjon o‘zini o‘zi ekaniga ishonmay, bir pasportidagi rasmiga, bir burchakda turgan toshoynaga qarab, oxiri pochtadan chiqib ketdi.

Biz Olimjon pochtadan pulini oldimi, institutga kirdimi yoki qishlog‘iga qaytib ketdimi, aniq bilmaymiz. Lekin Olimjon singari sarson bo‘lib, o‘zini o‘zim deyishga yuragi betlamay yurgan kishilar ancha-muncha ekan.

Biz bu jumboqning tagiga yetish maqsadida u-bu yerdan surishtirib, kavlashtirib ko‘rdik. Ma’lum bo‘lishicha, ZAGS va militsiya bo‘limlarining pasport stollarida ishlovchi savodi g‘ovlab ketgan ayrim xodimlari metrika va pasportlarda o‘zbekcha to‘ldiriladigan joylarni ruscha yoki butunlay savodsizlarcha to‘ldirib, qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarar ekanlar.

Masalan, Toshkent shahar 5-bo‘lim militsiyasi oktabr rayonidagi 11-maktabni bitirib chiqqan Tursunoy A’zamovaga Tursunay Agzamova, Yo‘ldosheva Hamroga Yuldasheva Xamro, Odilova To‘xtaga Adыlova Tuxta, Ibrohimov Shuhratga Ibragimov Shuxrat, Mahamatov Toirga Maxamatov Tagir, Olimovga Alimov, Obidovga Abidov, Sobirovaga Sabыrova, Egamberdiyevaga Igamberdiyeva, Qodirov Jalilga Kadыrov Djalil deb pasport berib yuborgan. Natijada maktabdan attestat berilganda ism, familiyalarning yanglish yozilishiga sabab bo‘lgan.

Mana bunday, tegirmonchi deb ko‘sani uyg‘otib, Eshmatni Toshmat, Toshmatni Eshmat qilib yuboruvchi ismbuzarlar faqat 5-bo‘lim militsiyasidagina emas, balki boshqa militsiya bo‘limlari va ZAGS byurolarida ham mavjuddir. Shuning uchun bu tashkilotlarning rahbarlari tez kunda yuqoridagidek ismbuzar xodimlarning o‘rnilariga xat-savodli, mas’uliyatli kishilarni tayinlashlari kerak.

F.Nuriddinov,
«Mushtum» jurnali, 1957 yil, 9-son.