XXI asrning eng halokatli hodisalaridan biri deb tan olingan Turkiya va Suriyadagi “egizak zilzilalar” sodir bo‘lganiga ikki hafta bo‘ldi. Zilzilalardan 14 kun o‘tib, qurbonlar soni 46 mingdan oshgani aytilmoqda. O‘nlab shaharlar xarobaga aylandi, ko‘p qavatli uylar bir necha soniya ichida qulab, yer bilan yakson bo‘ldi. Dastlabki zilzilalardan besh kun o‘tib, zarar ko‘rgan hududlardagi qabristonlarda halok bo‘lganlarni dafn etish uchun joy qolmadi, omon qolgan yuz minglab odamlar esa ochiq osmon ostida, ko‘chalarda tunashga majbur, deb yozadi The Guardian. Ko‘pchilikning borar joyi yo‘q, mashinalarda yoki bozor rastalari ostidagi vaqtinchalik chodirlarda uxlayapti.

Qishning qattiq bo‘ronlariga qaramay, qutqaruvchilar hamon omon qolganlarni topishga harakat qilib, kechayu kunduz ishlamoqda. Ular xalqning olqishlari, vayronalar ostida qolib ketganlarning yaqinlari ko‘z yoshlari guvohligida tirik qolgan go‘daklar, bolalar, ba’zan butun boshli oilalarni olib chiqdi. Ba’zi odamlar 11 kungacha o‘z uyi qoldiqlari ostida hayot uchun kurashgan. Zilzilaning dastlabki kunlarida ko‘pchilik vayronalar ostidan qarindoshlarining zaif ovozlarini eshitayotganini ta’kidlayotgandi. Ammo, bir vaqtlar xonadon, hozir esa qabrga aylangan beton va g‘isht uyumlari asta-sekin sukunatga cho‘mdi.

Barish Yapar 60 soat davomida o‘z uyi vayronalari ostidan bobosi va buvisining jasadlarini chiqarib olishga urindi. 27 yoshli psixolog-talaba ota-onasi Xabip va Sevjan bilan birgalikda vayronalarni olib tashlashga xo‘b urindi. Bu umidsiz ish edi. Ikki kuchli zilziladan so‘ng Turkiya Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari Suriya chegarasi yaqinidagi Samandag shahriga yetib borishi uchun to‘liq ikki kun zarur bo‘ldi. Qutqaruvchilar Yaparlar oilasi guvohligida betonlar ostidan ular avlodlar davomida tanib kelgan odamlarning jasadlarini olib chiqdi.

Zilziladan zarar ko‘rgan boshqa hududlarda bo‘lgani kabi, Samandag‘ qabristonida ham vayronalar ostidan olib chiqilgan yangi jasadlar uchun joy qolmagan. Yangi qazilgan go‘rlarga bo‘sh qabrtoshlari qo‘yilgan bo‘lib, ular kimniki ekanini qurbonlarning kiyimlari parchalaridan tayyorlangan mato orqali bilish mumkin, xolos.

Gaziantep viloyatidagi Nurdagi qabristoni yaqinidagi ko‘chada o‘nlab jasadlar ustma-ust qo‘yilgan bo‘lib, qabrga qo‘yilishini kutib yotibdi. Bir vaqtning o‘zida hatto 10 nafargacha odamning janozasi o‘qilayotgan Nurdagi ommaviy dafn marosimlarini o‘tkazish uchun kamida beshta imom yetib kelgan. Rasmiylar esa qo‘shni qishloqlar va hatto Istanbuldan tobutlar yetkazib bermoqda.

“Bu shaharda yashaganlarning 40 foizi halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin”, — deydi Nurdagi imomi Sodiq Gunesh. Uning uyi qulab tushgan masjid yonida edi. Jamoa bo‘lib namoz o‘qish uchun joy yo‘qligi sababli Nurdagi va Turkiya janubidagi qolgan joylarda janozalar ochiq maydonlarda o‘qilmoqda. “Men dushanbadan beri dafn etilgan jasadlar sonida adashib ketdim”, — deydi Gunesh. “Biz qabristonni kengaytirdik. Vayronalar ostida hali ham odamlar bor. Ularni ham olib chiqishimiz bilan dafn etamiz. Biz yordamga kelgan fuqarolar ko‘magida jasadlarni hatto yarim tunda ham ko‘myapmiz”.

Bugungi kunning o‘zida ham o‘n minglab odamlar ko‘chalarda qolmoqda. Ko‘plab oilalar, uylarini o‘marib ketishlaridan xavotirlanib, o‘z uylari vayronalari oldida tunamoqda va uylarining xarobalardan chiqqan taxta-yog‘ochlardan gulxan yoqib, isinmoqda.

Odamlar Suriyaning Idlib viloyatida vayron bo‘lgan binolar yonidan o‘tishmoqda.Odamlar Suriyaning Idlib viloyatida vayron bo‘lgan binolar yonidan o‘tishmoqda.

Zilzila Suriyaning isyonchilar nazorati ostidagi Idlib viloyati shaharlarini larzaga keltirgan vaqtda ko‘pchilik buni Bashar Asad tuzumi va uning rossiyalik ittifoqchilari tomonidan amalga oshirilayotgan navbatdagi havo hujumi deb o‘ylagan. Al-Haramdagi zilzila oqibatida vayron bo‘lgan besh qavatli uyda rafiqasi va besh farzandi bilan birga yashagan Muhammad Hodiy hatto Moskva yerni larzaga keltira oladigan yangi turdagi qurolni sinovdan o‘tkazyapti, deb o‘ylagan. Hodiyning aytishicha, zilzila boshlanganida u uxlab yotgandi, bir necha soniyadan so‘ng u xotini va ikki bolasini olib, tashqariga qochib chiqqan.

Muhammad Hodiy ikki farzandi va qo‘lidagi go‘dagi bilan zilziladan tirik qoldi.Muhammad Hodiy ikki farzandi va qo‘lidagi go‘dagi bilan zilziladan tirik qoldi.

“Qochib chiqayotganimizda rafiqam qo‘limni mahkam ushlab olgandi”, — deb eslaydi u. “Ammo, tashqariga chiqishimiz bilan, u ichkarida ikki qizimiz qolib ketganini anglab qoldi va ularni qutqarish uchun ortga qaytdi”. Hodiyning ko‘z oldida qulagan besh qavatli bino uni uch nafar yaqinidan ayirdi.

Zilzila Idlibdagi ijtimoiy inqirozni battar kuchaytirdi. Idlib Asad tuzumining qishloqlarga hujumidan qochganlar uchun boshpana, 12 yildan beri davom etayotgan urush tufayli ko‘chishga majbur bo‘lgan minglab odamlar uchun so‘nggi najot maskani edi. Ayni vaqtda boshpanasiz qolganlarning aksariyati so‘zlariga ko‘ra, ularning Idlibga kelganiga hali hech qancha vaqt bo‘lmagandi. Xavfsiz uy-joy izlashdan hafsalasi pir bo‘lgan odamlar qadimgi Vizantiya xarobalari orasida chodirlar qurib yashayapti.

Idlibda kasalxonaga aylantirilgan va qulab tushayotgan maktablarda kam sonli shifokorlar juda og‘ir jarohatli bemorlarni davolash bilan band. Ushbu vaqtinchalik muassasalarning budjeti cheklangan, ularda zilziladan omon qolganlarni davolash uchun zarur bo‘lgan asosiy tibbiy buyumlar va dori-darmonlarning aksariyati yetishmaydi. Zilziladan so‘ng yuzlab bolalar, urushning yuzlab yetimlari qatoriga qo‘shilib, yetimga aylandi.

Jinan, 5 yoshda, Suriyaning Idlib shahridagi kasalxonada.Jinan, 5 yoshda, Suriyaning Idlib shahridagi kasalxonada.

The Guardian zilziladan bir necha kun o‘tib videosi internetda ommaviy tarqalib ketgan vayronalar ostidagi opa va uka — 5 yoshli Jinan va 9 oylik Abdulloh bilan uchrashdi. Hozirda shifoxonada yotgan bu ikki bola zilzila oqibatida ota-onasi va yana besh nafar aka-ukasi, opa-singillaridan ayrilgan. Jinanning oyog‘i jiddiy jarohatlangan va, shifokorning so‘zlariga ko‘ra, agar jarohatda yaxshi tomonga o‘zgarish sezilmasa, oyoqni kesib tashlashlari ham mumkin.

“Bu — fojia”, — deydi doktor Vojih al-Karrat past ovozda. “Siz Jinanning karavoti yonidagi bolalarni ko‘rayapsizmi, ular ham yetim qoldi. Ko‘pchiligi hali ham ota-onam qayerda, qachon kelib, meni olib ketishadi, deb so‘rayapti. Avvalo, biz ularga g‘amxo‘rlik qilishni xohlaymiz. Keyin, qaysidir bir vaziyatda, ularga ota-onalari endi hech qachon qaytib kelmasligini aytishga majbur bo‘lamiz”.