2022 yilda Toshkentda axborot texnologiyalari yordamida 4332 ta yoki 2021 yilga (2281 ta) nisbatan qariyb 2 baravar, 2020 yil bilan (106 ta) taqqoslaganda esa 40 baravar ko‘p kiberjinoyat sodir etildi. Bu haqda Toshkent IIBB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi vakillari ishtirokida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

bank kartalari, iibb, ijtimoiy tarmoqlar, kiberjinoyat

IIBB Tergov bo‘limi boshlig‘i Anvar To‘xtayevning qayd etishicha, aniqlangan jinoyatlarning eng ko‘pida (63,4 foizida) internet orqali fuqarolarga tegishli pullar o‘g‘rilangan.

Bir yilda qayd etilgan jami jinoyatdan 3372 ta yoki 82 foizi bank plastik kartalardan pul mablag‘larni talon-toroj qilish bilan bog‘liq.

bank kartalari, iibb, ijtimoiy tarmoqlar, kiberjinoyat

IIBB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi tergov bo‘limi boshlig‘i Anvar To‘xtayev (chapdan birinchisi). Foto: Toshkent shahar IIBB

bank kartalari, iibb, ijtimoiy tarmoqlar, kiberjinoyat

bank kartalari, iibb, ijtimoiy tarmoqlar, kiberjinoyat

Anvar To‘xtayevning so‘zlariga ko‘ra, bunday jinoyatlar birgina O‘zbekistonda emas, balki dunyoning barcha davlatlarida ham ko‘p uchraydi. U MDH davlatlarini yoki boshqa rivojlangan davlatlarning poytaxtlarida ham aynan axborot texnologiyalari yordamida sodir etilayotgan jinoyatlar soni yil sayin ortmoqda. Misol uchun 2022 yil davomida :

  • Moskvada (Rossiya, 12,6 mln aholi yashaydi) axborot texnologiyalari sohasida 105 360 ta kiberjinoyat qayd etilgan (2021 yilda — 103 600 ta, 2020 yilda — 102 060 ta kiberjinoyat);
  • Ostonada (Qozog‘iston, 1,3 mln aholi) bunday jinoyatlar 4822 ta aniqlangan (2021 yilda — 4224 ta, 2020 yilda — 5807 ta);
  • Minskda esa (Belarus, 2 mln ga yaqin aholi) 4773 ta kiberjinoyat sodir bo‘lgani haqida aniq ma’lumotlar bor. (2021 yilda — 4761 ta, 2020 yilda-4 773 ta);
  • Seulda (Janubiy Koreya, 10,5 mln aholi) 2022 yil 60450 ta kiberjinoyat aniqlangan (2021 yilda — 56210 ta, 2020 yilda — 60450 ta).

bank kartalari, iibb, ijtimoiy tarmoqlar, kiberjinoyat

Toshkentda ayni vaqtda mln ga yaqin aholi muqim, boshqa viloyatlardan kelib-ketishi bilan
4,5 mlnga yaqin aholi istiqomat qiladi. Axborot texnologiyalari sohasida sodir etilgan jinoyatlar esa 100 ming aholiga nisbatan 96 tadan to‘g‘ri kelmoqda.

Ushbu jinoyatlarga qarshi kurashish uchun IIBB tarkibida Axborot texnologiyalari sohasida jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi ochildi. Boshqarma bank plastik kartalardan pul mablag‘lar talon-toroj qilinishining oldini olishga qaratilgan videorliklar tayyorlab, ularni OAV orqali yoritgan. Uni jami 2,5 mlndan ortiq kuzatuvchilar tomosha qilgan. Internetdan foydalanmaydigan aholi uchun esa hududiy profilaktika inspektorlari 25 mingdan ortiq xonadonlar bilan suhbatlashgan. Bundan tashqari, aholiga flayerlar tarqatilib, aholi gavjum joylarda fuqarolarga bukletlar berilgan.

“Biroq, aholi bilan olib borilgan keng qamrovli profilaktik chora-tadbirlarga qaramasdan, bu turdagi jinoyatlarning salmog‘i yuqoriligicha qolmoqda. Aholimiz hanuzgacha buni tushunib yetganicha yo‘q. Bu turdagi jinoyatlarning o‘ziga xos jihatlari shundaki, birinchidan, axborot texnologiyalari sohasida sodir etilayotgan jinoyatlar hudud, chegara va makon tanlamaydi. Ikkinchidan, birgina harakat bilan bir nechta fuqarolarga moddiy zarar yetkazishi mumkin. Uchinchidan, jinoyatlar yuqori texnologiyali, modifikatsiya qilingan dasturlardan foydalangan holda sodir etilmoqda”, — dedi Anvar To‘xtayev.

Shuningdek, jinoiy yo‘llar bilan topilgan pul mablag‘lari elektron va kriptohamyonlarda legallashtirilmoqda. Bundan tashqari, aholining axborot texnologiyalari sohasidagi bo‘lgan savodxonligi yetarli darajada emas.

Kiberjinoyatlar qanday uslublarda sodir bo‘lmoqda?

Bunday jinoyatni sodir etuvchi jinoyatchilar asosan aholining ishonuvchanligidan foydalanib, fuqarolarni turli yo‘llar bilan aldaydi va telefonlarga kelgan hech kimga berilmaslik haqida ogohlantirish SMS xabari bilan birga keladigan “maxsus kod” raqamlarini egallab oladi.

  1. Masalan, telefonda rusiyzabon shaxs o‘zini bank yoki mobil to‘lov tizimi xodimi deb tanishtirishi mumkin. U fuqaroning bank plastik kartasiga xakkerlar tomonidan kiberhujum uyushtirayotgani va shunga o‘xshash boshqa yolg‘on ma’lumotlarni aytib ishontiradi. Keyin uning kartasi haqidagi ma’lumotlarni olib, pullarni o‘zlashtiradi.
  2. Bank yoki mobil to‘lov tizimlarining soxtalashtirilgan saytlari orqali “Foizsiz onlayn kredit” va shunga o‘xshash odamlarga qiziq (feyk) xabarlar Telegram, Instagram va Facebook kabi ijtimoiy tarmoqlardan turli havolalar kela boshlaydi.
  3. Jinoyatchilar OLX platformasida uyali telefon apparati, dam olish maskanlari yoki boshqa buyumlarni arzon narxlarda savdoga qo‘yish orqali fuqarolarning qiziqishini o‘yg‘otishi mumkin.
  4. Internet do‘konlarining soxtalashtirilgan ilovalarida fuqarolarni aldov yo‘li bilan ro‘yxatdan o‘tkazish ham hozirgi jinoyat usullaridan biri hisoblanadi.
  5. Davlat tomonidan moddiy yordam puli berilayotgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabar kela boshlaydi. Hozirda prezidentning soxtalashtirilgan saytlari orqali fuqarolarni “chuv tushirish” ommalashmoqda.
  6. Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini treyderlik bilan shug‘ullanuvchi shaxs deb tanishtirib, pul mablag‘larini ikki va undan ortiq barovar ko‘paytirib berish haqidagi aldovlari bilan fuqarolarning ishonchiga kirish orqali ularning pullari o‘zlashtirilmoqda.
  7. Jinoyatchilar Telegram orqali viloyatlararo kirakashlik bilan shug‘ullanuvchi xaydovchilarning ishochiga kirib, ularni aldashi mumkin. Misol uchun: viloyatlararo qatnovchi taksichilarning Telegram guruhiga noma’lum shaxs uning plastik karta hisobiga pul yuborishi to‘g‘risida aytib, manzilga yetib kelganda uni naqd ko‘rinishda berishga ishontiradi.
  8. PUBG, WORLD OF TANK internet o‘yinlarida kuchaytirilgan akkauntni savdoga qo‘yish bilan yoshlarning ishonchiga kirayotganlar ham mavjud.
  9. Ijtimoiy tarmoqlarda “arzon tilla buyumlar sotilishi to‘g‘risida"gi yolg‘on e’lonlarni qo‘yish orqali fuqarolarning ishonchiga kirib, ularning mablag‘larini o‘zlashtirayotganlarni ham misol keltirish mumkin.

Avvalroq, Spot.uz onlayn firibgarlikni aniqlash, ularni rasmiy xabarlardan ajratish hamda aldanib qolmaslik uchun nima qilish kerakligi haqidagi ma’lumotlarni jamlagandi. Bunday vaziyatlarda:

  • e’lonlardagi har qanday aksiyalar, pul yutuqlari hamda boshqa takliflarni tashkilotlarning rasmiy veb-sahifasidan qayta tekshirish;
  • saytning rasmiyligiga ishonch hosil qilmasdan ularga o‘z shaxsiy ma’lumotlarni kiritmaslik;
  • ijtimoiy tarmoq hamda messenjerlarda tarqatilayotgan, aksiya va yutuqli lotereya o‘yinlari to‘g‘risidagi reklamalar keltirilgan havolalarni tekshirmasdan oldin ochmaslik;
  • rasmiy bo‘lmagan havolalarni boshqalarga tarqatmaslik;
  • Aksariyat Telegram orqali jo‘natilayotgan yolg‘on xabarlardan kelib chiqib, akkauntga buzib kirmasliklari hamda ishonchliroq himoyalanish uchun ikki bosqichli autentifikatsiyani faollashtirish zarur.