Surxondaryo viloyatining Termiz va Qiziriq tumanlarida fuqarolar noqonuniy daraxt kesayotgani ma’lum bo‘ldi. Buni Tabiat resurslari vazirligining Surxondaryo viloyati boshqarmasi va viloyat Milliy gvardiya boshqarmasi xodimlari tezkor reyd tadbirlarida aniqladi.

Xususan Qiziriq tumanidagi Akademik Maxmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti tizimidagi «Bandixon ilmiy-tajriba stansiyasi» hududida 4 tup o‘suvchanligini yo‘qotmagan katta yoshli chinor daraxtlari tag qismi bilan kesib ketilganligi aniqlandi. Avvalroq, buning ortidan o‘simlik dunyosiga 216 mln so‘m zarar yetgani haqida yozgandik.

Termiz shahrida kuzatilgan holatda «Bobur» istirohat bog‘ida Obodonlashtirish boshqarmasi aylanasiga 36 santimetr bo‘lgan 1 tup o‘suvchanligini yo‘qotmagan «Aylan» daraxtni noqonuniy kesgani ma’lum bo‘ldi. Holat bo‘yicha boshqarma bosh muhandisi Asadullo Fayzullayevga 3 mln so‘m jarima tayinlandi. Shu harakat bilan tabiatga 4 mln 950 ming so‘m zarar yetdi.

Termiz tumani «Uchqizil» mahallasida yashovchi fuqaro esa Angor va Termiz tumanlari oralig‘idagi Kattaqum massivi O‘rmon xo‘jaligiga qarashli yerdagi saksovulni o‘tin qilish uchun chopib, olib ketayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. Unga ham ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 1 yarim mln so‘m jarima belgilandi. Ish oqibatida o‘simlik dunyosiga 3 mln 150 ming so‘m zarar yetkazilgani aniqlandi.