Energetika vazirligi Jizzax va Toshkent viloyatlarida umumiy quvvati 2000 MVtga teng bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha «Huaneng renewables Corporation» va «Poly Technologies» kompaniyalar konsorsiumi bilan hamkorlik haqida kelishuv imzoladi. Bu haqda vazirlik xabar qildi.

Kelishuvga asosan ushbu kompaniyalar konsorsiumi tomonidan O‘zbekistonga 2 mlrd dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritiladi.

Ushbu quyosh fotoelektr stansiyalarining ilk quvvatlari 2023 yil yakuniga qadar, 2024 yilda esa to‘liq quvvatlarda ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Natijada yiliga 5 mlrd kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, 1,3 mlrd kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi.

Eslatib o‘tamiz, 15 fevral kuni Qashqadaryo, Buxoro va Samarqand viloyatlarida umumiy quvvati 2000 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha Xitoyning «CEEC ENERGY CHINA» kompaniyasi bilan anglashuv memorandumi imzolangan edi.