“Mushtum” jurnali chiqa boshlaganiga 100 yil to‘lishi munosabati bilan “Gazeta.uz” 2023 yilning fevral oyi oxirigacha jurnal sahifalarida turli yillarda chop etilgan 10 materialni qayta e’lon qilishga qaror etdi. Turkumni “Mushtum"ning 1923 yil 18 fevralda chiqqan ilk sonida Abdulla Qodiriy tomonidan Julqunboy taxallusi ostida yozilgan ““Mushtum” ta’rifida” tanishtiruvchi maqolasi bilan ochishga qaror qilindi.

Tarixga bir aylanib qaralsa, mushtning ahamiyati zog‘ora nondek bo‘lib ko‘z o‘ngida gavdalanur. Ammo xoli hoziramizga ham ko‘z qirini tashlansa, musht degan hayvoni g‘ayri notiqning siyosatda podshoh, iqtisodda avliyo, fanda kimyo o‘rnini ishg‘ol etkanini ko‘rilur. Bularni ham bir yoqqa qo‘ya turib, mushtning ahamiyati muhimmasini o‘zimizning manavi mahalla-ko‘ydan1 qidirilsa, taftishotga tag‘in ham yaqinroq turilg‘an bo‘linur:

Mahalla-ko‘ylarimizda bitta-bitta bo‘yniyo‘g‘on — bo‘yni g‘avslar borlig‘ini har bir kimsa bilur va ularning mahalla ijtimoiyotida o‘ynayturg‘an ro‘llari ham katta-kichikka belgulukdir. Bizning tekshirish va kashfiyotimizcha asl xususiyat bo‘yni yo‘g‘onliqda bo‘lmay, uning zamiridagi mushtdadir va mushtumzo‘rliqdadir.

Lekin bu ta’rif jahongir va burjuaziya faylasuflari nuqtai nazaridan bo‘lib, ammo proletariatning mushtka bo‘lg‘an nazariyasi buning aksidir. Jurnalimiz shu keyingi qo‘li qadoqlar sinfining “Mushtum"i bo‘lg‘anliqdan uning ma’nosi ham haligi ta’rifning tamoman teskarisidir.

Bu “Mushtum” — zo‘rliq mushtumi emas, haqliq mushtumidir; bu “Mushtum” — zolimlar mushtumi emas, mazlumlar mushtumidir. Shuning uchun buning ma’nosi ham boshqachadir.

— Hammanikiga do‘lona yoqqanda, biznikiga devona yog‘di!
— Qovun deb ekkanimiz shung‘iya2 bo‘lub chiqdi!
— Oltun qo‘ng‘uz deb maxtag‘anlari qora qo‘ng‘uz ekanki, ro‘molcha bilan burunni o‘rashga majbur bo‘ldiq…
— Bog‘dan gapirsak — tog‘dan keladilar!
— Ali, desak — bali, deydilar…
— Shu yo‘sun: gulshan razolatda3, gulzor safohatda4, bozor siyosatda, maydon hamoqatda5, boyimiz, mullamiz, eshonimiz, yoshimiz va moxovimiz, pesimiz sayru guluston etmoqda va jununi ma’rifat6, fununi shaytanat7 vodiylarida masti-loya'qil8 kezmakdalar…

Mana shunday “ovoni saodat"larda to‘rt tomondan mo‘ralab, el ichiga oralab, haqiqatni qoralab, yaxshidan yomonni saralab shaxsiy g‘arazdan sof, to‘g‘ri yurmaganga bop bir “Mushti purzo‘r"ga10 ehtiyoj sezildi va uzoq o‘ylab turilmay, uzoq-yaqin, do‘st-dushmanlarimizning ko‘maklari umidida ushbu “Mushtum” jurnalining nashriga ham qaror berildi.

Tumshug‘ingiz ustiga yangi mehmon muborak bo‘lsin, afandilar!

Julqunboy,
“Mushtum”, 1923 yil, fevral, 1-son, 2-bet


Izohlar

1 Ko‘y — ko‘cha.
2 Shung‘iya — boshqa ekinlar ildizidan oziqlanadigan tekinxo‘r yovvoyi o‘t.
3 Razolat — pastkashlik.
4 Safohat — nodonlik.
5 Hamoqat — ahmoqlik.
6 Jununi ma’rifat — jinnilikni ma’rifat deb bilish.
7 Fununi shaytanat — shaytoniy hunarlar.
8 Masti loya’qil — aqlsiz darajada mast bo‘lish.
9 Ovoni saodat — baxtli zamonlar.
10 Mushti purzo‘r — baquvvat musht.