Uzoq vaqtdan beri muhokama qilinayotgan Toshkentda jamoat transportida yo‘l haqining moslashuv tariflarini joriy etish tizimi 1 apreldan amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Bunday ko‘rsatma O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 16 fevraldagi «Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida keltirilgan.

Poytaxt hokimligi belgilangan muddatda yangi ishlab chiqilgan tariflarni jamoatchilik muhokamasini o‘tkazib, xalq deputatlari shahar kengashida ko‘rib chiqadi. Keyinchalik yangi tizim respublikaning barcha hududlarida joriy etiladi.

Moslashuvchan tariflarni joriy etish 1 soat ichida bir yo‘nalishdagi transportdan boshqasiga o‘tkazishlar sonidan kelib chiqqan holda imtiyozli va bepul tariflardan foydalanishni nazarda tutadi.

Bundan tashqari, turidan qat’i nazar, kunlik, bir, uch va olti oylik, yillik cheklangan va cheklanmagan tarif rejalari joriy etiladi.

Shuningdek, yo‘lkira haqini to‘lashda elektron to‘lov tizimidan foydalanishni rag‘batlantiruvchi tariflar belgilanadi. Xususan, hududlarda naqd to‘lovlar bo‘yicha tariflarni 30 foizga oshirish rejalashtirilgan.

Yo‘l haqi to‘lanishini nazoratchilar guruhi nazorat qiladi.15 apreldan boshlab poytaxtda yo‘lovchi tashishni yalpi shartnomalar asosida tashkil etish va moliyalashtirish tizimi joriy etila boshlaydi. Kelgusi yildan boshlab bu tizim boshqa hududlarda ham joriy etiladi.

Brutto-shartnomalar — yo‘lovchi tashishni tashkil etish modeli bo‘lib, unda barcha tushumlar shahar budjetining maxsus hisob raqamiga o‘tkaziladi va shahar ma’muriyati yo‘lovchi tashuvchiga yo‘nalishlar bo‘yicha to‘lovlarni bajarilgan ish hajmidan kelib chiqib, sifat nazorati ostida o‘tkazib beradi. Bu haqda «Gazeta.uz» batafsil yozgan.

Yangi tizimga o‘tish munosabati bilan tashuvchilar uchun har kuni yo‘l haqi yig‘ish va tushumlarni vakolatli davlat organiga o‘tkazish bo‘yicha maqsadli rejani belgilash amaliyoti bekor qilinadi.