Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani, Birlik mahallasida yashovchi bir oiladan to‘rt nafar fuqaro ovqatdan zaharlanib vafot etgani taxmin qilinmoqda. Yana uch oila a’zosi kasalxonaga yotqizilgan. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, 17 fevral kuni soat 14:30 atrofida tuman IIBga fuqarolar Z.A. (ayol, 1961 yilda tug‘ilgan), er-xotin S.X.(ayol, 1982 yil) va M.X. (erkak, 1978 y.), o‘g‘illari R. X. (2002), R. X. (2004), T. X. (2011) va qizi A. X. (2021) «noma’lum etiologik zaharlanish» tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilgani haqidagi xabar kelib tushgan.

Mazkur holat yuzasidan voqea joyiga viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari A.Kamilov, tuman prokurori D.Fayziyev, tuman prokuraturasi tergovchisi Sh. Dexkonboyev, tuman IIB boshlig‘i vazifasini bajaruvchi B.Amirqulov va tuman IIB tergov-tezkor guruhi a’zolari, Oqqo‘rg‘on tuman FVB, «Oqqo‘rg‘on tuman gaz» ta’minoti bo‘limi va tuman SEO va JSB xodimlari chiqishgan.

Voqea joyini ko‘zdan kechirish davomida ekspertiza tekshiruvi uchun «qovurilgan baliq» va «mosh kichira» ovqati qoldiqlari, «pomidor-bodring» tuzlamalari, olchadan tayyorlangan «kompot» qoldiqlari, xonadonda tayyorlangan «xolodets» qoldiqlari, 10 litr xajmdagi baklashkadagi suv hamda boshqa oziq-ovqat mahsulotlaridan namunalar olindi.

Oilaning 3 nafar a’zosi — Z.A va er-xotin S.X. va M.X. voqea joyida vafot etgan. Ularning o‘g‘li R. X. ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay, shifoxonada vafot etgan.

Holat yuzasidan tayinlangan sud-tibbiyot ekspertizasining dastlabki ma’lumotnomasida fuqarolarning o‘limi bo‘yicha sud tibbiy tashhis «Is gazidan o‘tkir zaharlanish… Noma’lum etiologiyali ovqatdan zaharlanish» ekanligi qayd etilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.