O‘zbekistonda 1 maydan boshlab foydalanishga topshiriladigan ko‘p qavatli uylar tomlari bo‘sh qismining kamida 50 foizida quyosh panellarini o‘rnatish talabi joriy etiladi. Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning 16 fevraldagi «2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi [PQ-57-sonli] qarorida nazarda tutilgan.

Hujjatda, shuningdek, 2023 yilda foydalanishga topshiriladigan 765 ta ko‘p qavatli uylar qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan ta’minlash rejasi tasdiqlandi. Reja ijrosini ta’minlash uchun qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Botir Zokirov, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari shaxsan mas’ul etib belgilandi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga viloyat hokimliklari bilan birgalikda bir hafta muddatda «ko‘p qavatli uylarga quyosh batareyalarini o‘rnatish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha korxonalar tashkil etilishini ta’minlash» topshirildi.

Qurilish vazirligi, shuningdek, Energetika vazirligi va Bojxona qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda hududlarda quyosh panellarini o‘rnatish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha kompaniyalar mutaxassislarining malakasini oshirishi va kerakli ko‘nikmalarni shakllantirishi lozim.

Avvalroq, davlat rahbari Toshkent shahrida o‘tkazgan yig‘ilishda aholi o‘z xonadonida quyosh panelini o‘rnatsa, ehtiyojidan ortiq energiyani tarmoqqa sotishni taklif qilgandi. Bunda aholi sotgan elektr energiyasining har bir kilovatti uchun ming so‘mdan beriladi.