Boks bo‘yicha Qozog‘iston terma jamoasi Hindiston va O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida ishtirok etishdan bosh tortmaydi. Bu haqda Qozog‘iston boks federatsiyasi prezidenti Kenes Rakishev BaigeNews.kz nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, AQSh, Chexiya, Irlandiya va Shvetsiya Nyu-Dehli va Toshkentda bo‘lib o‘tadigan boks bo‘yicha jahon chempionatida rossiyalik va belaruslik sportchilarni Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi tavsiyalarigaz zid ravishda o‘z mamlakatlari bayroqlari ostidagi qatnashishga ruxsat etilgani uchun baykot qilgandi.

Bundan tashqari, XOQ qaroriga ko‘ra, 2024 yilda Parijda bo‘lib o‘tadigan Olimpiada o‘yinlarida boks bo‘yicha musobaqalar bo‘lajak jahon chempionatini tashkil etishni rejalashtirayotgan Xalqaro havaskor boks assotsiatsiyasi (IBA) ishtirokisiz o‘tkaziladi. Shuning uchun bu turnir saralash maqomiga ega bo‘lmaydi va uning natijalari bokschilarning Olimpiadaga yo‘llanma olishiga asos bo‘lmaydi.

Qozog‘iston boks federatsiyasi rahbari turnirni boshqa davlatlar tomonidan boykot qilinishiga izoh berar ekan, qozog‘istonlik bokschilarning IBA tomonidan o‘tkazilayotgan jahon chempionatlarida ishtirok etishi ular uchun tajriba to‘plash nuqtai nazaridan zarurligini ta’kidladi.

«AQSh, Yevropaning boshqa jamoalari jahon chempionatiga kelmaslik to‘g‘risida qaroriga kelsak, afsuski bu biz uchun yomon, chunki raqobat kam bo‘ladi, lekin bu vaziyatda biz hech narsa qila olmaymiz», — dedi u.

«Agar terma jamoamiz jahon chempionatida qatnashmaslikka qaror qilsa, Qozog‘istonning ko‘plab muxlislari xafa bo‘ladi, deb o‘ylayman va muxlislarni hafsalasi pir qilishga haqqimiz yo‘q. Qolaversa, hozir havaskor boks bo‘yicha xalqaro musobaqalar unchalik ko‘p emasligiga ishonamiz, shu bois jahon chempionati biz uchun mashq qilish va tajriba to‘plash uchun juda muhim, biz tayyorgarlik ko‘ryapmiz va albatta ishtirok etamiz, medallarni qo‘lga kiritamiz», — dedi Kenes Rakishev.

Uning fikricha, milliy terma jamoalar 23 sentabrdan 8 oktabrgacha Xitoyda bo‘lib o‘tadigan asosiy saralash musobaqasi — 2023 yilgi Osiyo o‘yinlariga ham hozirlik ko‘rmoqda.

Eslatib o‘tamiz, boks bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi jahon chempionati 15−31 mart kunlari Hindistonning Nyu-Dehli shahrida, erkaklar o‘rtasidagi jahon chempionati esa 1−14 may kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadi.