Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hududiy bo‘linmalarining mahalliy hokimliklar tuzilmasiga o‘tkazilayotgani bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, prezidentning «Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va mahalliy hokimliklar mas’uliyatini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni loyihasida ushbu vazirlikning hududiy bo‘linmalarini mahalliy hokimliklar tuzilmasiga o‘tkazish qayd etilgan va ushbu hujjat loyihasini tegishli vazirlik, davlat idoralar bilan kelishish uchun Adliya vazirligi tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi — project.gov.uz`ga joylashtirilgan.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, ushbu normativ-hujjat hozirda loyiha bo‘lib, rasmiy kuchga ega emas. Ayni damda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan farmon loyihasidagi tegishli bandlar bo‘yicha e’tiroz bildirilib, Adliya vazirligi bilan muzokaralar o‘tkazilgan, — deyiladi bayonotda.

Vazirlik bu jarayonda soha xodimlari va jamoatchilik vakillarining xavotiriga o‘rin yo‘qligini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 2022 yil 29 dekabr kuni o‘qituvchilar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda tuman va viloyat xalq ta’limi bo‘limlarini tanqid qilgandi.

««RayONO» va «oblONO» siz uchun prokuror. Bu ikki tashkilotni yo‘q qilishni istayapman, maktablarning o‘zi «rayONO» va «oblONO» bo‘lishlaring kerak. O‘rtadagi boshqa pog‘onalar nimaga kerak? Ular bo‘lgani uchun o‘qituvchi qadam qo‘ya olmaydi. Buni sindiradigan vaqt keldi. Tartib kerak, albatta, ammo buning uchun vazirlik bor. Bizda hamon eski tizim saqlanib qolmoqda. Maktab aslida «gorONO»ga xo‘jayinlik qilishi kerak. Biz eski tizimga moyillik qilamiz, «rayONO» nima desa, shuni qilamiz. Zamon o‘zgarmoqda, kechirasizu, qishloq xo‘jaligida paxtaga tizim o‘zgartirdik. Endi paxta ham, tizim ham ishlamoqda», — degandi prezident.