S&P Global Ratings xalqaro reyting agentligi O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti o‘sishini 2023 yilda 5 foiz, 2024 yilda esa 5,5 foiz darajasida prognoz qilmoqda. Bu haqda reyting agentligining O‘zbekiston bank sektori tahliliga bag‘ishlangan hisobotida ma’lum qilindi.

2022 yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti Ukrainaga qarshi urush oqibatlarini agentlik tahlilchilari taxmin qilganidan ko‘ra yaxshiroq yengib o‘tdi, bunga Rossiyadan pul o‘tkazmalarining ko‘payishi hamda Rossiya bilan savdo hajmining oshishi sabab bo‘ldi.

Joriy yil uchun yalpi ichki mahsulotning o‘sishi taxminan 5 foizni tashkil etishi prognoz qilinmoqda, biroq keyingi ikki yilda u 5,5 foizni tashkil etadi. Mintaqadagi va jahondagi murakkab geosiyosiy vaziyatga qaramay, iqtisodiyot tiklanishda davom etadi.

Biroq Rossiya-Ukraina mojarosi, iqtisodiy pasayish va inflyatsiya bosimi fonida iqtisodiy ko‘rinish o‘zgaruvchanligicha qolmoqda. Pul o‘tkazmalarining o‘sishi, shuningdek, kapital va migrantlar oqimining o‘sishi 2023 yildan boshlab o‘zgara boshlaydi.

S&P O‘zbekistonda davlat korxonalari samaradorligini oshirish va xususiylashtirishni amalga oshirish bo‘yicha iqtisodiy islohotlar dasturini ijobiy baholaydi.

Bu davlat sektori ustunlik qiladigan iqtisodiyotga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Mintaqadagi geosiyosiy keskinliklar va jahon iqtisodiyotining beqaror prognozi tufayli keng ko‘lamli xususiylashtirish vaqt talab etadi.

Tahlilchilar iqtisodiy muhit 2022 yildagi mo‘’tadil o‘sish bilan solishtirganda, 2024 yilga kelib kreditlashning 25−30 foizga o‘sishini qo‘llab-quvvatlashini kutmoqda. Ba’zi yutuqlarga qaramay, dollarlashuv keyingi ikki yil davomida yuqori darajada qolishi mumkin.

2022 yili aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot 9,3 foizga o‘sdi va 2146,7 dollarni tashkil etdi. Biroq yashirin iqtisodiyotning sezilarli hajmi tufayli aholining real daromadlari rasmiy daromadlardan yuqori bo‘lishi mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hukumatning sof qarzi 2025 yilga borib YAIMning 23 foizini tashkil etadi — bu xalqaro kontekstda past daraja. Joriy hisob taqchilligi keyingi uch yil ichida yalpi ichki mahsulotning o‘rtacha 6 foizini tashkil etadi, lekin to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va qarzlar oqimi hisobiga moliyalashtiriladi.

«Biz hali ham O‘zbekistonning siyosiy tizimi yuqori darajada markazlashgan, institutsional tizim esa nisbatan zaif deb hisoblaymiz. Shu bilan birga, hukumatning barcha darajalarda nazorat va muvozanat tizimini rivojlantirishga urinishlarini qayd etamiz. Qarorlarni qabul qilish jarayoni qisman noaniq va yuqori darajada markazlashganligicha qolmoqda, davlat organlari o‘rtasidagi nazorat va muvozanat tizimining samaradorligi, bizningcha, cheklangan, bu esa kelajakdagi siyosiy qarorlarni bashorat qilishni qiyinlashtiradi», — deyiladi agentlik sharhida.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank 2023 yil oxirigacha mamlakat iqtisodiyoti 4,5−5% darajasida o‘sishini prognoz qilgan. Kutilayotgan inflyatsiya darajasi esa 8,5−9,5% bo‘ladi. Bu yil pul-kredit siyosatining ta’sir doirasi bazaviy inflyatsiyaning o‘sish dinamikasi hamda tashqi iqtisodiy sharoitlardagi xatarlar sabab qisqarishi mumkin.