Prognozlash va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) mutaxassislari shaharlarda transportning ruxsat etilgan maksimal tezligining pasayishi yo‘llardagi o‘lim holatlari va transportning o‘rtacha tezligiga qanday ta’sir qilishini o‘rgandi.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oyidan boshlab Toshkent shahrining markaziy qismida, butun Urganch va Namangan shaharlari hamda boshqa viloyatlardagi shaharlarning ayrim qismlarida tezlik chegarasi 70 km/soatdan 60 km/soatga tushirilgandi.

Maksimal tezlik, o‘rtacha tezlik va yo‘llarda o‘lim holatlari o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganish uchun PMTI mutaxassislari 140 mamlakat ma’lumotlarini tahlil qilishdi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, tezlikni pasaytirish haqiqatdan ham yo‘llardagi o‘limlarni kamaytiradi, degan xulosaga kelindi, bu esa avtomobilning o‘rtacha tezligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi.

Tadqiqotlarga ko‘ra, shaharlarda eng yuqori tezlikni 10 km/soatga kamaytirish o‘limni har 100 ming kishiga 0,8 kishiga kamaytirishga yordam beradi. O‘zbekiston uchun bu yiliga 614 nafar inson hayotini saqlab qolish degani (o‘tgan yili yo‘l-transport hodisalari natijasida 2356 kishi halok bo‘lgan).

Tadqiqotda qayd etilishicha, agar qonun ustuvorligi reytingi yana 1 pog‘onaga yaxshilansa, yo‘llarda o‘lim hollari yiliga 100 000 kishiga yana 3,3 ga kamayishi mumkin

«Tezlikni cheklash faqat yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish va tegishli infratuzilma mavjud bo‘lganda vaziyat yaxshilangan taqdirdagina ijobiy ta’sir ko‘rsatadi», — deya ta’kidlaydi ekspertlar.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyo bo‘ylab yo‘l-transport hodisalarida 1,3 mln kishi halok bo‘ladi, 20−50 mln kishi jarohat oladi. Bundan tashqari, iqtisodga ham katta ta’siri bor. «Yo‘l harakati xavfsizligiga investitsiya qilish: global xususiy sektor majburiyati» nomli tadqiqot natijalariga ko‘ra, baxtsiz hodisalar global iqtisodiyotga yiliga 518 mlrd dollar zarar keltiradi.

Past tezlikda sodir bo‘lgan avariyalarda jarohatlanish darajasi kamayadi, bu esa iqtisodiyotning ishchi kuchini qayta qurish va sog‘liqni saqlash xarajatlarini kamaytirishini anglatadi. Iqtisodiy nuqtai nazardan qaraganda, «avariya»lardan olingan jarohatlar narxi past daromadli mamlakatlarda (jumladan, O‘zbekistonda) yalpi ichki mahsulotning taxminan 1 foizini, o‘rtacha daromadli mamlakatlarda 1,5 foizini va yuqori daromadli mamlakatlarda 2 foizini tashkil etadi.