12 fevral kuni zilzila oqibatida Shonliurfa shahrida vafot etgan yana bir O‘zbekiston fuqarosining jasadi Istanbuldan Toshkentga yuborildi. Bu haqda mamlakatning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, jasad asli namanganlik 42 yoshli ayol M.B.ga tegishli.

Marhumaning yaqinlariga sabr tilaymiz. Bu borada Bosh konsulxonaga moddiy va ma’naviy yordam berganlarga tashakkur bildiramiz, — deyiladi axborotda.

Eslatib o‘tamiz, 11 fevral kuni zilzila oqibatida Hatay shahrida vafot etgan, Andijon viloyatida tug‘ilgan 56 yoshli U.H. va Qahramanmarash shahrida vafot etgan, Namangan viloyatida tug‘ilgan 40 yoshli N. M.ning jasadi O‘zbekistonga yuborilgandi.

Bundan tashqari, Malatya shahrida bir nafar O‘zbekiston fuqarosi zilzila oqibatida halok bo‘lgan. Umumiy hisobda hozirgacha 4 nafar O‘zbekiston fuqarosi zilzila qurboni bo‘ldi.

Anadolu ma’lumotlariga ko‘ra, Turkiyadagi zilzilalar oqibatida ayni vaqtga qadar 29,6 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan. Qo‘shni Suriyada bu ko‘rsatkich 3500 dan oshgan. Hududlardan salkam 148 ming kishi evakuatsiya qilingan.