«Gazeta.uz» muxbirlari yanvar oyida kuchli qor yog‘ishi va anomal sovuqdan so‘ng Toshkentda yangi trotuarlar va velosiped yo‘laklari shikastlana boshlaganiga e’tibor qaratdi.

Poytaxt markazidagi Shahrisabz ko‘chasida shu haftada obodonlashtirish xizmati xodimlari beton bo‘laklarini supurib, tozaladi.

велоyo‘lак, тротуар, тошкент

Poytaxt hokimligi matbuot xizmati «Gazeta.uz» so‘roviga javoban tuman hokimliklari tomonidan piyodalar yo‘laklari inventarizatsiyadan o‘tkazilib, ularni kapital va joriy ta’mirlash rejasi tayyorlangani haqida ma’lumot berdi. Ob-havo yaxshilanishi bilanoq ishlar boshlanishi kutilmoqda.

Mutaxassislar zarar miqdori va ta’mirlash xarajatlarini hisob-kitob qilishdi. Ishlar kimning hisobidan amalga oshirilishi — budjetmi yoki pudratchi — hozircha noma’lum, deya qayd etdi matbuot xizmati.

Yomg‘irdan keyin ko‘chalarda chuqurlar paydo bo‘lgani haqidagi savolga javoban shahar hokimligi har yili fevral yoki mart oylarida ko‘chalarning yo‘l qismini ta’mirlash bo‘yicha hokim qarori chiqarilishini ta’kidladi. Hozircha bunday hujjat qabul qilingani yo‘q.

«Gazeta.uz» betondan qurilgan yangi piyodalar va velosiped yo‘laklarining sifati, qulayligi haqida ko‘p marotaba savollarni o‘rtaga tashlagan. Shaharning ko‘plab hududlarini olib qaraganda, yangi piyodalar yo‘laklari allaqachon eskirganining guvohi bo‘lish mumkin. Harakatlanish uchun sharoitlarning yomonlashuvidan tashqari, beton zarralari shaharni ifloslantirib, changni yanada ko‘paytiradi.