Xitoyning Zhejang Loong Airlines Co.Ltd aviakompaniyasi Sian-Toshkent-Sian yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni tiklamoqda. Bu haqda Madaniyat va turizm vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 2020 yil 23 noyabrdan boshlab Toshkentdan Sianga charter parvozlar to‘xtatilib, 4 hafta davomida reyslar bo‘lmasligi xabar qilingan. Parvozlar bekor qilinishining sababi 5 noyabr kuni 11 nafar yo‘lovchida koronavirus infeksiyasi aniqlanishi bo‘lgan.

10 fevralda esa pandemiyadan keyingi birinchi parvoz amalga oshiriladi.

Muntazam parvozlar Airbus A320 samolyotlarida haftada bir marta — juma kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, Zhejang Loong Airlines Co.Ltd aviakompaniyasining Sian-Toshkent-Sian yo‘nalishi bo‘yicha ilk charter reysi 2019 yilning 27 sentabrida amalga oshirilgan. O‘shanda 173 kishiga mo‘ljallangan Airbus A320 neo samolyoti Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qo‘ngan.

Shuningdek, aynan shu aviakompaniya hamkorligida Xitoyning Sian va Chendu kabi shaharlarida O‘zbekistonning turistik salohiyati targ‘ib qilingan. 2020 yilning 10 yanvar kuni aviakompaniya tomonidan Chendu-Toshkent-Chendu birinchi charter reysi yo‘lga qo‘yilgan.