9 fevral kuni Sankt-Peterburgda O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, Qozog‘iston energetika vaziri Bolat Akchulakov hamda «Gazprom» OAJ boshqaruv raisi Aleksey Miller ishtirokida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Uchrashuvda O‘zbekistonga Rossiya tabiiy gazini Qozog‘iston hududi orqali yetkazib berish masalasi, xususan, uch tomonlama ishchi guruh tomonidan o‘tkazilgan dastlabki texnik ko‘rik natijalari, yetkazib berishning mavjud imkoniyatlari hamda joriy yil yanvar oyida imzolangan «yo‘l xaritasi»ning (o‘shanda Rossiya kompaniyasi Qozog‘iston hukumati bilan ham «yo‘l xaritasi»ni imzolagan edi) ijrosi yuzasidan muhokamalar o‘tkazildi.

Mazkur uchrashuv yakuni bilan uch tomonlama o‘rganishlarning keyingi bosqichini jadallashtirish hamda natijasi bo‘yicha qisqa muddatlarda uch tomonlama uchrashuvni qayta tashkil etishga kelishib olindi, deyiladi xabarda.

«Gazprom»ning qisqacha xabarida shunday deyiladi: «Uchrashuv ishtirokchilari gaz sohasida uch tomonlama hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildilar».

«Yo‘l xaritasi» imzolangandan so‘ng O‘zbekiston Energetika vazirligi hamkorlikdan maqsad «Ichki bozorga gazni zarur hajmlarda yetkazib berishdan iborat bo‘lib, mavjud gaz uzatish tizimiga egalik huquqini to‘liq saqlab qolish (boshqaruv huquqini to‘liq saqlab qolish) ekanligini ma’lum qilgan edi.