Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda Termiz shahrida katta yong‘in sodir bo‘layotgani aytilgan xabarlar yuzasidan izoh berdi.

Hokimlikning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston va Afg‘oniston davlatlari chegarasidagi neytral hududda joylashgan Amudaryo ichkarisidagi kichik orolchalarda qamishzorlar paydo bo‘lgan. Bu yerda turli kasalliklar tashuvchisi hisoblangan zararkunanda hasharotlar ko‘payishi va yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish uchun rejali tartibda yoqish ishlari olib borilmoqda.

Mazkur tadbir mutasaddi idoralar ruxsati hamda mas’ul organlarning o‘zaro kelishuvi asosida amalga oshirilib, orolchalardagi yong‘in harakatlari va ko‘lami to‘liq nazoratga olingan.

Shuningdek, hokimlik ushbu tadbir yovvoyi qamishzorlarda belgilangan rejaga muvofiq olib borilayotganini ma’lum qilib, fuqarolardan ortiqcha vahimaga berilmaslikni, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan esa aholi o‘rtasida vahima keltirib chiqaruvchi yolg‘on axborotlarni tarqatmaslikni so‘ragan.

Biroq hokimlik bu borada oldindan hech qanday axborot bermagan va aholini «rejali tartibda yoqish ishlaridan» xabardor qilmagan.