Uzbekistan Airports yo‘lovchilarni kutib oluvchilar uchun Toshkent xalqaro aeroportining uchib kelish zali yonidagi P2 va P3 avtoturargohlarida ikkita yangi hudud qurishga qaror qildi.

Keltirilishicha, yo‘lovchilar oqimining jadal sur’atlarda o‘sib borayotgani munosabati bilan yaqinlari va do‘stlari bilan uchrashish uchun kelganlarga uchib kelish terminalida ajratilgan hudud yetarli bo‘lmay qolgan.

“14 yanvardan boshlab kuchli sovuq tufayli respublika aeroportlari aerovokzal binosiga odamlarni kutib olish uchun ruxsat oldi. 2018 yilda qurilgan uchib kelish zali xalqaro standartlarga javob bermaydi, u yerda kutib oluvchilar uchun joy ajratilmagan. Bir necha kun ichida biz bojxona zonasini kutib olish zonasidan ajratish choralarini ko‘rdik. 400 metr kvadrat maydon har kuni aeroportga yaqinlarini kutib olishga kelganlar uchun juda torlik qildi”, — dedi Uzbekistan Airports aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva.

Uning so‘zlariga ko‘ra, odamlarning ko‘pligi kutib oluvchilar uchun ham, “jonli” yo‘lakdan o‘tishga majbur bo‘lgan yo‘lovchilar uchun ham noqulayliklar tug‘dirgan. Yo‘lovchilar va xavfsizlikni ta’minlovchi xizmatlardan juda ko‘p shikoyatlar kelib tushgan. Bu vaqt davomida kutib oluvchilar uchun yangi hudud loyihasi ustida ishlandi.

Taxminan mart oyining oxiriga qadar umumiy maydoni qariyb 1400 metr kvadrat bo‘lgan ikkita shunday hudud quriladi — biri mavjud soyabonlar o‘rniga, ikkinchisi — ketish va kelish zallari oralig‘idagi P2 avtoturargohida. Yaqin kunlarda aeroport oldi maydonida qurilish-montaj ishlarini boshlash rejalashtirilgan.