Toshkentda bosh reja tasdiqlanmaguncha, yangi qurilishlarga moratoriy e’lon qilinadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev poytaxt jamoatchilik vakillari va mutasaddilar ishtirokida yig‘ilishda ma’lum qildi.

Prezident qurilishga ruxsat berilganda, mavjud infratuzilmaga yuklama bo‘yicha aniq hisob-kitob qilinmayotgani, yashil maydonlar tashkil qilish ishlari qurilishlar bilan hamohang olib borilmayotganini tanqid qildi.

Shu bois, shaharning bosh rejasi tasdiqlanmaguncha yangi qurilishlarga moratoriy e’lon qilinishi ta’kidlandi

Bundan tashqari, 2023 yilda Toshkent shahrining yashillik darajasini 28 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Shu maqsadda 100 gektar maydonda yangi bog‘ tashkil qilinadi. «Toshkent yashil belbog‘i» loyihasi boshlanib, bahor mavsumida 525 ming tup daraxt va butalar, 20 million tup gul ko‘chatlari ekiladi.

Yig‘ilishda poytaxtda chiqindi bilan ishlash masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Qayd etilishicha, Toshkent shahrida yiliga 700 ming tonna chiqindi hosil bo‘lishi bilan, bugungi kunda bor-yo‘g‘i 18 foizi qayta ishlanmoqda.

Bundan tashqari, chiqindilarni saralab yig‘ish bo‘yicha qilinayotgan ishlar ham mutlaqo qoniqarsizligi ta’kidlandi. «Maxsustrans» faoliyatini isloh qilish, uning moliyaviy ahvolini yaxshilash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Mutasaddilarga shahar chiqindisini qayta ishlashni kamida 50 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi.