8−9-fevral, chorshanba va payshanba kunlari A-373 «Toshkent — O‘sh» avtomobil yo‘lining Qamchiq dovonidan o‘tgan qismida qor yog‘ishi, vaqti-vaqti bilan kuchli yog‘ingarchilik, tuman kuzatilishi, ko‘rinuvchanlik 50 metrgacha pasayishi kutilmoqda, deya xabar berdi «O‘zgidromet» matbuot xizmati.
Bundan tashqari, dovonda shamol tezligi 15−20 m/s gacha kuchayishi, avtoyo‘lda yaxmalak va qor uyumlari yuzaga kelishi mumkin.
8−13 fevral kunlari kutilayotgan yog‘ingarchilik va havo haroratining sezilarli o‘zgarishi munosabati bilan O‘zbekistonning tog‘li hududlarida qor ko‘chkisi xavfi e’lon qilindi:
- Qashqadaryo viloyatida: Kitob va Shahrisabz tumanlarida;
- Surxondaryo viloyatida: Qumqo‘rg‘on, Sariyosi, Uzun va Boysun tumanlarida;
- Samarqand viloyatida: Samarqand va Urgut tumanlarida;
- Jizzax viloyatida: Zomin va Baxmal tumanlarida;
- Toshkent viloyatida: Parkent, Ohangaron, Bo‘stonliq tumanlari va Chimyon trakti bo‘ylab;
- Namangan viloyatida: Pop tumanida;
- Farg‘ona viloyatida: So‘x va Farg‘ona tumanlarida.
Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.
Eslatib o‘tamiz, O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, payshanba kuni O‘zbekiston hududiga sovuq antitsiklon oqimi kirib keladi, butun mamlakat bo‘ylab yog‘ingarchilik kutilmoqda — yomg‘ir qorga aylanadi. Havo harorati kechasi -12, kunduzi -2 darajagacha tushadi.