7 fevral kuni erkin kurash bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Turkiyada 6 fevral kuni sodir bo‘lgan zilzila markazlaridan biri — Qahramanmarash viloyatidan olib chiqildi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.
Sportchilar Kahramanmarash shahrida 3−6 fevral kunlari o‘tishi belgilangan xalqaro musobaqada ishtirok etayotgandi. Biroq mazkur hudud zilzila markaziga aylandi. Shundan so‘ng O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi ko‘magi bilan terma jamoa Anqara shahriga olib kelindi.
6 fevral kuni O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi bosh kotibi Shuhrat Mamadaliyev ularni mamlakatga olib kelish uchun Istanbulga jo‘nab ketgan. U delegatsiyaga qo‘shilib, sportchi va murabbiylarning Toshkentga qaytib kelish jarayoniga boshchilik qiladi.
«Hozirda barcha sportchilarning salomatligi yaxshi. Rejaga muvofiq, ular dastavval Turkiya poytaxtidan Istanbul shahriga yo‘l olishadi va u yerdan Toshkentga qaytib kelishadi», — deyiladi xabarda.
Shuningdek, qo‘mita velosport bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Alaniyada, baydarka va kanoeda eshkak eshuvchilar esa Belek shahrida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini olib borayotganini, zilzila ushbu hududlarga katta ta’sir o‘tkazmagani va mashg‘ulotlar reja asosida davom etayotganini ma’lum qildi.
Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.
Eslatib o‘tamiz, Turkiyada 6 fevral kuni mamlakat janubi-sharqida sodir bo‘lgan dahshatli zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 2316 nafarga yetdi, 13 293 nafari jarohat oldi. Mamlakat prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an qurbonlar xotirasiga yetti kunlik umumxalq motamini e’lon qildi.