O‘zbekistonda mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tizimi — IMEI-kodlarini klonlash uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu borada tegishli qonun loyihasi ishlab chiqilishi haqida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar qildi.

Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda fuqarolarning uyali telefon apparati yo‘qolgani haqidagi xabarlar ko‘paymoqda. Voqea tafsilotlarini aniqlash uchun huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tergovga qadar tekshiruv o‘tkazadi, jinoyat alomatlari bo‘lsa, jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.

Mobil qurilmaning IMEI-kodidan jinoyatchini topish va uyali telefon apparatini egasiga qaytarish uchun foydalaniladi.

«Biroq, texnologiya rivojlanishi bilan bir qatorda jinoyat izlarini yashirish usullari ham shunga monand rivojlanib bormoqda. Ya’ni jinoyatchilar endilikda klonlangan IMEI-kodlarini yaratishmoqda. Bunday klonlangan IMEI-kodlarini esa avtomatik aniqlash va blokirovka qilishning texnik tartibi joriy etilmagan», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, klonlash quyidagicha amalga oshiriladi: maxsus dasturiy ta’minot vositasidan foydalangan holda IMEI-kodi bitta mobil qurilmadan bir yoki bir nechta mobil qurilmalarga uzatiladi va natijada tarmoqda bir xil IMEI-kodi bo‘lgan bir nechta mobil qurilmalar paydo bo‘ladi.

«Bu ishlarni amalga oshirayotganlar xalq orasida changer (chenjer) deb atashadi. Aynan ular IMEI-kodlarni klonlashtirish bilan shug‘ullanadi. Bu o‘z navbatida o‘g‘irlangan uyali telefonlarni izlab topishni qiyinlashtirib, noqonuniy olib kirilgan mobil qurilmalarni respublika hududida ro‘yxatdan o‘tkazish imkonini beradi», — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, ayni paytda mobil qurilmaning xalqaro identifikatsiya kodini noqonuniy ravishda o‘zgartirganlik uchun ma’muriy yoki jinoiy javobgarlik mavjud emas.

«Bu esa jinoyat izlarini yashiruvchi shaxslar jazosiz qolishiga sabab bo‘lmoqda. Bu kabi kazusli holatni bartaraf etish maqsadida mutasaddi tashkilotlar tomonidan tegishli normalariga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda», — deyiladi boshqarma axborotida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Ozarbayjon mobil telefonlarni ro‘yxatga olish sohasidagi hamkorlik doirasida yo‘qolgan va o‘g‘rilangan IMEI-kodlarning yagona «qora ro‘yxati»ni yaratishga kelishib olgani haqida xabar berilgandi.